Xalqaro Amnistiya delegatsiyasi Toshkentda muzokaralar o'tkazmoqda

Inson huquqlari bobida O’zbekistonning keskin tanqidchilaridan bo’lib kelgan Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkiloti 14 yillik tanaffusdan so’ng Toshkentda uchrashuvlar o’tkazmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro Amnistiya delegatsiyasi Toshkentda

Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, tashkilot delegatsiyasi Bosh prokuraturaga aloqador bir qator idoralarda bo’ladi, Oliy Majlisning inson huquqlari bo’yicha vakili bilan muloqot qiladi.

Xalqaro Amnistiya O’zbekistonga safari barobarida e’lon qilgan yillik hisobotida mamlakatda mustaqil axborot manbalari hamon taqiq ostida qolayotganiga diqqat qaratgan. Inson huquqlariga oid vaziyatga kelsak, hisobot avvalgi yillardan farqli o'laroq Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o’tmishdagi repressiv siyosat va tuzumdan voz kechilayotgani haqidagi umidlarni aks ettiradi.

Jumladan, fevral oyida prezident tomonidan sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan strategiyaning qabul qilinishi sudlarning mustaqilligini ta’minlash, fuqarolarga o’z haq-huquqlarini himoya qilish uchun imkoniyatlar eshigini ochgani ta’kidlab o’tilgan.

May oyida esa inson huquqlari bo’yicha BMT oliy komissari O’zbekistonda bo’lgani, noyabrda qiynoq qo’llashni taqiqlashga doir farmon imzolangani, 2017-2018 yillar davomida bir guruh siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilgani mamlakatda umidli o’zgarishlar bo’layotganiga misol sifatida keltirilgan.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari yuzasidan mamlakatda hamon muammoli qolayotgan holatlarga alohida diqqat qaratadi. Ayniqsa, diniy e’tiqod erkinligi, jinsiy ozchilik vakillari, majburiy mehnat va harakatlanish erkinligi.

So’z erkinligi masalasida o’zgarishlar bor, ammo hukumatga tanqidiy qarashda bo’lgan mustaqil axborot manbalari hamon to’silgan, jurnalistlarni tanqidiy maqolalari uchun hibsga olish, qiynoqlar vositasida aybnomani isbotlash tajribasidan voz kechilmagan.

Jurnalist Bobomurod Abdullayevning uch oy davomida hibsda ushlanishi, qiynoqqa uchrashi, qarindoshlarining tazyiqqa olinishi mamlakatda tanqidiy qarashlar bilan chiqish hamon xatarli ekanligini ko’rsatgan.

Xalqaro Amnistiya delegatsiyasiga tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha rahbari Mari Struters rahbarlik qilmoqda. Ular Bosh prokuraturada, Adliya, Ichki ishlar, Xalq ta’limi vazirliklarida, inson huquqlari bo’yicha milliy markazda, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o’tkazadi.

Xalqaro Amnistiya “Human Rights Watch” ketidan O’zbekistonga kirgan navbatdagi nufuzli huquq tashkiloti bo’ldi. O’zbekistonda inson huquqlari va demokratik islohotlar bobida kuzatilayotgan siljishlar, ijobiy o’zgarishlar Shavkat Mirziyoyevning AQShga safari davomida ham muhokama qilingan edi.

Jumladan, inson huquqlari bo’yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida O’zbekiston inson huquqlari bo’yicha berilgan xalqaro tavsiyalarni bajarish uchun “Yo’l xaritasi”ni ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

“BMT doirasida 77 davlatdan 212 ta taklif berilgan, biz shulardan 201 tasini qabul qildik. Keyingi muloqotlarga O’zbekiston o’zining inson huquqlari bo’yicha xalqaro majburiyatlarini bajarishga harakat qiladi”, - dedi Saidov.

"Human Rigths Watch" vakili Stiv Svirdlov esa mamlakatda inson huquqlariga nisbatan qarashlar jiddiy o’zgargani, hukumat tanqidga, muloqotga tayyorligini namoyon etayotganini ta’kidladi.

Sverdlov O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan mamlakatga kirishiga ruxsat berilgan dastlabki xalqaro kuzatuvchilardan biri. "Human Rights Watch" faoliyatini O’zbekistonda rasman tiklash yuzasidan muloqot davom etmoqda. Xalqaro Amnistiya tashkilotining mamlakatda o’z faoliyatini tiklashiga doir hozircha ma’lumot berilmagan.