Isroil sobiq bosh vaziri Ariel Sharon 85 yoshida vafot etdi

  • Amerika Ovozi

Sharon sakkiz yildan beri komada edi

Isroil sobiq bosh vaziri Ariel Sharon 85 yoshida Tel Avivda vafot etdi. Arbob sakkiz yildan beri komada edi.

Xalqaro hamjamiyat yahudiy xalqi va marhumning oilasiga hamdardlik bildirmoqda. AQSh va Yevropa davlatlari ta'ziyanomalar yo'llamoqda.

2006-yilda ish paytida miyasiga qon quyilib xushini yo’qotgan Sharon uzoq payt muolaja ostida edi, lekin shifokorlar uning tuzalib ketishiga ishonch hosil qilmagach, bemor kuzatuv ostida edi xolos.

2001-yilda hokimiyatga kelganida Ariel Sharon Isroilni har jihatdan qudratli davlatga aylantirishga, Falastin bilan bog’liq muammolarni yechib, azaliy nifoqqa nuqta qo’yishga so’z bergan edi. Lekin bu va'dalar bajarilmadi.

2005-yilda Isroil G’azo sektorini tark etdi. Arab tahlilchisi G'ozi al-Saadiy deydiki, bosh vazirlik Sharonni ancha o'zgartirdi.

"U Falastinning barcha yeri Isroilniki emas deya ochiq ayta boshladi. Shu paytgacha biror yahudiy liderdan buni eshitmagan edik",- deydi sharhlovchi.

Saadiy fikricha Ariel Sharon yillar o'tib shuni tan oldiki, arablar hech qayoqqa ketmaydi. Bu ularning ham vatani.

Lekin Sharon, sobiq harbiy sifatida, arablar xotirasida qonxo’r lider sifatida qoldi.

Arab yerlariga yahudiylarni ko’chirib olib kelib, katta aholi punktlari qurish, arab mol-mulklarini musodara qilish va Falastin ahli manfaatlarini chetga surishda unga yetadigani y’q edi, deya eslaydi jamoatchilik.

Ko’plab yahudiylar nazarida esa Ariel Sharon haqiqiy lider edi, siyosiy va harbiy jihatdan usta strateg.

Uzoq yillar davomida turli bosh vazirlar qo'li ostida xizmat qilgan general Sharon Isroilning buguni va o'tmish uchun javobgar shaxs, deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan yahudiy fuqarolar.

Yahudiy davlati ochgan va boshdan kechirgan barcha urushlarda muhim rol o'ynagan Sharon, general sifatida, shafqatsiz va keskin qarorlari bilan tanilgan edi.

Davlatchilikni saqlab qolish, Isroil yahudiylarning yurti bo'lib qolishi uchun dadil qadamlar tashlash kerak deb kelar edi u.

Sharon 1928-yilning 26-fevralida Kfar Malal degan qishloqda, Britaniya mustamlakasi ostidagi Falastinda dunyoga kelgan. Ota-onasi Belarusda tug'ilib katta bo'lgan yahudiylar edi, Shmuel va Vera Shaynermanlar oilasi. Ular Tbilisida o'qigan va Bolsheviklar inqilobi ketidan qadim vatan deya Yaqin Sharqqa kelgan.

Ariel Sharon 10 yoshida Zionist harakatiga, yahudiy millatchiligini targ'ib qilgan tashkilotga qo'shiladi.

1947-yildan boshlab harbiy xizmatga kirishadi va usta zobit sifatida ko'tarila boshlaydi.

1970-yillarga borib, siyosatga kiradi. 1975-76 yillarda Isroil Bosh vaziri Isxak Rabinga yordamchilik qilgan.

1981-yilda Mudofaa vaziri etib tayinlanadi. Keyinchalik sanoat va savdo, uy-joy, energetika va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlaydi.


Ariel Sharon - Isroilning bugungi kuni va o'tmishi uchun javobgar shaxslardan biri