Armanistonda 100 yil oldin usmonli turklar tomonidan o'ldirilgan armanlarni xotirlash marosimi o'tkazildi. Mamlakat Prezidenti Serj Sarkisyan tadbirda qatnashgan xalqaro hamjamiyat yetakchilariga o'z minnatdorchiligini bildirdi.
Armanlarning ommaviy qatlini xotirlash uchun poytaxt Yerevanga yuz minglab odam keldi. Hodisa so'nggi yillarda Turkiya va Armaniston o'rtasida diplomatik tortishuv mavzusiga aylangan.
AQSh Prezidenti Barak Obama kecha bayonot chiqarib, armanlarning o'limini "qirg'in" va "dahshatli xunrezlik" deb atadi, ammo "genotsid" so'zini ishlatmadi. Armanlar manfaatlarini himoya qiluvchi AQShdagi ayrim guruhlar prezidentning "genotsid" so'zini ishlatmaganidan norozi bo'ldi.
Ayni paytda Turkiyaning Istanbul shahrida 100 yil muqaddam Gallipol jangida qozonilgan g'alaba sharafiga Xalqaro tinchlik sammiti o'tkazilmoqda. Birinchi Jahon urushida ro'y bergan mashhur jangda usmonli turklar bosqinchilar ustidan g'alaba qozongan. Bu kun Turkiya davlatchiligi saqlab qolingan sana sifatida nishonlanadi.
Hukumat ma'lumotiga ko'ra, tadbirda qatnashish uchun 20 dan ortiq davlatdan rahbarlar kelgan. Yig'in armanlar qatliomi haqida kuchaygan bahslarga qarshi Anqaraning javobi sifatida ko'rilmoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an armanlar o'limining genotsid deb atalishiga keskin qarshi.
"Mamlakatimizga qarshi aytilayotgan bu bo'htonlarni hech qachon qabul qilmaymiz. Bu voqealarda Turkiyadan ko'ra gunohsizroq va tozaroq davlat yo'q", - dedi Turkiya rahbari.
Erdog'an genotsid da'vosi bilan chiqayotgan Armanistonni qoralab, aslida nima bo'lganini aniqlash uchun uni arxivlar va tarixiy hujjatlarni birgalikda ochishga chaqirgan.
Anqaraga ko'ra, o'lgan armanlar soni haddan ziyod bo'rttirilgan va ular genotsid oqibatida emas, balki fuqarolar urushida halok bo'lgan. Voqealarni ommaviy qatliom sifatida tan olayotgan davlatlar soni ortib borar ekan, diplomatik munozara ham kengayib bormoqda.
Turkiya Parlamentida so'zlagan Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li xalqaro hamjamiyatni hodisaga baho berishda ehtiyot bo'lishga chaqirdi.
Uning aytishicha, Turkiyaga qarshi nafrat siyosatini yurituvchilar tarix va insoniyat oldida sharmanda bo'ladi va bu ishlarining badalini to'laydi.
Prezident Erdog'an AQSh rahbari Obama o'z bayonotida "genotsid" so'zini ishlatmaganini olqishladi.