Tinchlik va do’stlikni targ’ib qilish maqsadida xorijiy davlatlarga san’at ahlini yuborish azaliy an’ana.
AQSh hukumati bunday dasturlarni o’nlab yildan buyon yuritib keladi. Xonandalar, bastakorlar, kino yulduzlai... Loyihada endilikda rassom, haykaltarosh, muhandis va dizaynerlar ham qatnashishi mumkin.
Obama ma’muriyati boshlagan yangi diplomatik tashabbusga Nyu York shahrida joylashgan Bronks muzeyi bosh-qosh.
“Juda ham ajoyib proyekt. Bu sohada ancha tajribaga ham egamiz, turli madaniy tadbirlar o’tkazib turamiz. Lekin biz bilan hamkorlik qilganlar asosan mahalliy ijodkorlar. Odatda chet ellik san’atkorlar Amerikaga mehmon bo’lib keladi. Yangi dastur orqali endi bizning ijodkorlar ham xorijga safar qilishi mumkin”, - deydi muzey direktori Xolli Blok.
“Ijodkorlar o’z san’at asarlaridan namuna keltirishi, chet-elda aynan qanday loyiha ustida ishlaydilar, safardan maqsad nima kabi savollarga yozma javob berishlari kerak. Bu yerda asosiy maqsad jamoatchilik bilan ishlash. O’sha mamlakatda biror mavjud proyekt ustida birgalikda ishlash mumkin. Tajriba almashish, san’at rivojiga hissa qo’shish ko’zda tutilgan. Mezbon taraf bilan bog’lanishga, ijodkorlar o’z oldiga qo’ygan maqsadga erishishga yordam beramiz”.
Konkursda g’olib topilganlar dunyoning 15 mamlakatiga borib, talabalar, o’qituvchilar, sportchilar va o’zlari kabi ijodkorlar bilan hamkorlik qiladi.
“Dunyo ko’rishga nima yetsin. Ayniqsa san’atkor bo’lsangiz”, - deydi Bronks muzey xodimi Tim Rolins.
U 1980 yillardan beri yosh, o’sib kelayotgan rassomlarni qo’llab kelgan.
Boshqa mamlakat, shaharlarga sayohat qilsangiz dunyoqarashingiz kengayadi, deydi u.
“O’z tajribamdan bilaman. Har safar yangi bir joyga safar qilganda yangi g’oya, yondashuv, fikr bilan qaytasiz. Bir dunyo tajriba orttirasiz. Sizga qiyin tuyulgan muammolar o’z o’zidan yechilgandek. Notanish, o’zga manadiyat haqida o’rganasiz. Bu xuddi katta bir oilaning bayram dasturxoni atrofida to’planishiga o’xshaydi. Ziyofat, dasturxondagi nozu-ne’matlar muhim, lekin uning atrofida o’tirganlar bilan suhbat qurish, diydor ko’rishish, fikr almashish muhimroq. Ularni yaxshiroq tushuna boshlaysiz. Bilimingiz ham oshadi”,- deydi Rollins.
“Biz san’at ahlimiz. Oramizda raqobat, kim o’zarga o’ynash kabi tushunchalar yo’q. Men tashrif buyurgan mamlakatlardagi hamkasblarim doim AQShda san’at olamidani o’zgarishlar, yangiliklar bilan qiziqadi. O’z navbatida amerikalik ijodkorlar ham mezbon mamlakatdagi o’zgarishlar, yangiliklardan xabardor bo’lib quvnaydi. Eng asosiysi - endi hamkorlikda yangi asar yaratish imkoniyati bor ularda”.
Programma AQSh hukumati tomonidan moliyaviy dastaklansa-da, uni boshqarishda hech qanday rol o’ynamaydi.
“Ijodiy erkinlik – asosiy talab. Hech kim sizga uni qil, buni qil demaydi. Hukumat bizga homiy, lekin ijodiy niyatni qanday ro’yobga chiqarish o’zimizga bog’liq. San’atkor biror narsani targ’ib qilish missiyasi bilan jo’natilmaydi. Xorjidagi hamkasblar bilan chinakam hamkorlik, dialog o’rnatishni maqsad qilganmiz”, - deydi Tim Rolins.