XXI asrga kelib ham odam savdosi davom etayotganiga ishonish qiyin. AQSh Davlat departamentining taxminiga ko’ra, har yili 600-800 ming kishi odam savdosidan jabr ko'radi. Millionlab odamlar esa o’z vatanida qullikda. Vashingtonda odam savdosi jinoyatiga qarshi ogohlikka chaqiruvchi san’at ko’rgazmasi bo’lib o’tdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Vashington markazidagi Dyupont aylanasiga qo’yilgan o’nlab fotosuratlar va yozuvlar yo’lovchilarning e’tiborini tortdi.
Har bir surat va iqtibos qul qilinganlar, jinsiy xizmatga sotilgan erkak, ayol va bolalardan olingan. Ko’rgazma ular azobini tomoshabin tasavvurida paydo qilishga mo'ljallangan.
“Uzr, yig’lamaslikka urinyapman. Suratlar juda jonli. Ularning ahvoli haqiqatda ayanchli. To’xtab tomosha qilganim yaxshi bo’ldi. Agar qo’limdan kelsa, kimgadir ozor yetkazadigan bunday ishlarni to'xtatishga o'z hissamni qo'shgan bo'lardim", - deydi o’tib ketayotgan yo'lovchilardan biri.
“Odam savdosi haqida ilgari ham bilardim. Lekin hozir suratlarni ko’rib nimanidir his qildim, etim jimirlab ketdi. Tabiiyki, ba’zi qurbonlar arzon mahsulot ishlab chiqarishda ekspluatatsiya qilinadi”, - deydi londonlik sayyoh.
Key Chernush mashhur fotograf. Bu ko’rgazmada u odam savdosi qurbonlarining suratlaridan kollaj yaratgan.
“2005-yilda Davlat departamentidan berilgan topshiriq asosida bu ishlar bilan yaqindan tanishib qoldim. Odam savdosiga oid rasmlarni olishim uchun meni Gonkong, Makau, Tailand, Hindiston va Italiyaga jo'natishdi”, - deydi u.
Inson huquqlari poymol qilinayotganidan ta’sirlangan suratkash boshqa mamlakatlardagi nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qila boshladi.
Uning birinchi ko’rgazmasi 2009-yilda Gaagada bo’ldi. Keyin Niderlandiyaning boshqa shaharlarida.
“Seriyali ko’rgazmalarimning boshlanishi bo'ldi bu. Suratlardan tomoshabin shunchalar ta’sirlansa, odam savdosidan qutilganlarga kuch bersa, demak, san’atning boshqa turidagi ijodkorlarni ham jalb qilish kerak", - deydi suratkash.
Odam savdosiga qarshi kurashga raqs san’ati ijodkorlari ham qo’shilgan. Ular o’z harakatlarida qurbonlarning normal hayotga qaytish jarayonini aks ettirishga urinmoqda.
“Hamdardlik muhim deb bilaman. Raqs harakatlarida shuni ifodalashga urinamiz. Jabr ko’rgan har bir odamning hikoyasini talqin qilamiz, hamdard bo’lamiz. Menimcha, faktlarga ko’z yugurtirgandan ko’ra, shu yurakka yaqin”, - deydi raqs maktabi rahbari Erika Rebollar.
Ko’rgazmalar dunyoning katta shaharlarida o’tkazilmoqda. Vashington ko’rgazmasiga odam savdosidan omon qolganlar va ishchi muhojir bolalari yaratgan asarlar, ular tikkan quroqlar ham qo'yilgan.
Pachoqlangan yog'och eshiklardan tayyorlangan 12 ta "oltin eshik" ham bor. Ular odam savdosi qurbonlari uchun najot ramzi hisoblanadi.
“Maqsadimiz atrofdagilarni ogohlikka chaqirish. Har bir inson hissa qo’shishi, nimadir qilishi kerak. Shunda odam savdosining ildizini quritish mumkin”, - deydi fotograf.