ASEAN sammitida Janubiy Xitoy dengizi yuzasidan xavotirlar

  • Amerika Ovozi

ASEANga a'zo davlatlar rahbarlari. Kuala-Lumpur, Malayziya. 27-aprel 2015-yil.

Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi orollarni qurishga qaratilgan urinishlari mintaqadagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik uchun tahdid demoqda.

Bunday bayonotni ular Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasining (ASEAN) Malayziyada bo’lib o’tgan sammiti yakunida qildi. Xitoy harakatlari jiddiy xavotirlarga sabab bo’layotganini aytar ekan siyosatchilar Pekinni keskin harakatlardan o’zini tutishga da’vat etdi.

Xitoy Tahqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Li mamlakat harakatlarini himoya qilib, qurilish ishlari Xitoyga qarashli suveren hududlarda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Xitoyning Janubiy Xitoy dengizida joylashgan orollar va riflardagi qurilish ishlari Xitoy suvereniteti doirasida amalga oshirilmoqda, - dedi u. – Bu adolatli, oqilona va qonuniy harakat va hech bir mamlakatga ta’sir qilmaydi”.

Malayziya Bosh vaziri Najib Razzoq dushanba kuni sammitni ochar ekan, qolgan to’qqiz davlat rahbarlarini Xitoy bilan hududiy mojarolarni mintaqadagi vaziyatni taranglashtirmaslik uchun tinch yo’l bilan hal etishga da’vat etdi.

Xitoy Spratli orollarida uchish polosasi va infratuzilma qurmoqda. Bu tabiiy boyliklarga to’la hamda muhim savdo-sotiq yo’lida joylashgan orollarga Filippin. Vyetnam, Malayziya, Bruney va Tayvan ham da’vo qiladi.

Janubiy Xitoy dengizidagi talash hudud jiddiy mojarolarga olib kelishi mumkin, degan xavotirlar mavjud. 2002-yilda ASEAN va Xitoy nizolarni tinch yo’l bilan hal etishga kelishib olgan, shuningdek, Xulq kodeksini ishlab chiqish niyatini bildirgan edi. Biroq so’nggi yillarda bunday ishlar olib borilmadi. Filippin va Vyetnam ishni tezlatish kerak, demoqda. Hujjat amalini AQSh va boshqa davlatlar kafolatlashi ko’zda tutilgan.

ASEANga Indoneziya, Bruney, Vyetnam, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Flippin, Singapur va Tailand kiradi.