100 a'zolik Senatning 93 a'zosi Pentagonning yangi rahbari 60 yoshli Eshton Karter bo'lsin deya ovoz berdi. Karter uzoq yillardan beri AQSh Mudofaa vazirligida yuqori lavozimlarda ishlagan. Asli kasbi fizik, bu sohada doktorlik unvonini olgan.
Karter oldida shubhasiz cheksiz jumboqlar turibdi. Global maydonda Amerika kundan kunga ko'plab chigal masalalar bilan yuzlashmoqda. Yaqin Sharqdagi mojarolar va "Islomiy davlat" dan tortib, Ukraina, Afg'oniston va boshqa davlatlardagi mashmashalarda AQSh rolini aniqlashtirish va muhim qarorlar qabul qilish kerak.
Senat oldida gapirganida, Karter Vashington Ukraina armiyasini qurol bilan ta'minlashi xato bo'lmaydi deya fikr bildirdi.
Karter "texnokrat" sifatida nom qozongan. Harbiy sarf-xarajat va texnologiya bilan bog'liq masalalarda u bilan tenglashish qiyin, deya tasvirlaydi arbob bilan ishlaydigan odamlar.
Nafaqat fizika balki o'rta asr tarixi bo'yicha ham chuqur bilimga ega, Yel va Oksford singari nufuzli oliygohlarni bitirgan Karter dunyodagi eng yirik vazirlik hisoblanadigan Pentagonni bemalol boshqara oladi, deydi respublikachi senator, Qurolli kuchlar bo'yicha qo'mita raisi Jon Makkeyn.
Karter Chak Xeyglning o'rniga tayinlandi. Shu kungacha uning o'rinbosari edi. Xeygl, ikki yillik xizmatdan keyin kutilmaganda iste'fo berdi. Ma'lum bo'lishicha, u Oq uy bilan til topishishga qiynalgan, xususan Davlat xavfsizligi idorasi bilan chiqisha olmagan.
Demokrat senator Patrik Lixi nazarida Karter Pentagonning murakkab byudjetini yaxshi tushunadigan va uni uddalay oladigan noyob mutaxassislardan biri.
Gap 500 milliard dollardan ortiq sarfiyat va uch milliondan oshiq xodim (fuqaro va harbiy) haqida ketmoqda.
Senatorlarning qayd etishicha, Karter qurol, texnologiya, zamonaviy urushlar, kiber-xavfsizlik va himoya vositalari xususida ilg'or fikr va g'oyalarga ega. Pentagonning logistika, talab va ta'minot va global strategiya bo'yicha bo'limlariga rahbarlik qilgan.
Odatda mudofaa vaziri etib xalq ovozini olgan va uning vakili sifatida xizmat ko'rsatgan odamlar tanlanadi, chunki Pentagon rahbari Kongress bilan yaqindan ishlay olishi kerak. Juda bo'lmasa, bir muddat qonunchilik qilgan arboblar ma'qul ko'riladi bu lavozimga. Karter bunday tajribaga ega emas, ammo usta boshqaruvchi sifatida nom qozongan.
U, shuningdek, Garvard universitetida davlatchilikdan dars bergan.