AQShning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalariga dron va raketa hujumlari davom etarkan, Vashington hujumlarda Eronga aloqador guruhlarni ayblamoqda, ularga zarbalar bermoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Pentagon rasmiylari amerikalik askarlar so’nggi salkam bir oyda kamida 56 marotaba hujumga uchraganini bildirdi.
“Urush kattaroq mintaqaviy mojaroga aylanayotganini ko’rganimiz yo’q. Hujumlarimiz Eron va unga aloqador guruhlarga hozirgi harakatlarini bas qilishga jiddiy signal bo’lib xizmat qilmoqda”, - deydi Pentagon matbuot kotibining muovini Sabrina Singx.
Amerika bazalariga hujumlarda qurbonlar yo’q, biroq 50 dan ortiq harbiy yengil jarohat olgan, ba’zilarida bosh miya jarohati qayd etilgan.
AQSh qonunchilari Mudofaa vazirligini Eron inqilobiy gvardiya korpusiga qattiqroq zarba berishga chaqirmoqda.
“Agar Eron Suriya va Iroqda qo’shinlarimizga tahdid solishda davom etsa, korpusning Eron ichida tayyorgarlik bazalari va infratuzilmasini nishonga olish to’g’ri bo’lardi”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.
AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlari sobiq qo’mondoni, iste’fodagi general Frenk Makkenziga ko’ra, Eron Amerika mintaqada qo’shinlari sonini kamaytirganidan jasoratlangan.
“Ularning asosiy maqsadi AQShni mintaqadan siqib chiqarish. Shu sabab bazalarga hujumlar kuchaygan”, - deydi u.
O’tgan oy Irbildagi harbiy-havo bazasidagi kazarmaga urilgan dronga o’rnatilgan portlovchi moslama harakatga kelmadi. Natijada ko’p askarlar omon qolgan.
Ayrim kuzatuvchilar Eronga xayrixoh guruhlar hujumlarida AQSh harbiylari o’lsa, Qo’shma Shtatlar mojaroga faol tortilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.