AQSh mudofaa vaziri Yevropada NATO kelajagini muhokama qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Midofaa vaziri Lloyd Ostin. 6-oktabr kuni Pentagonda Polsha vaziri bilan uchrashmoqda

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin kelasi hafta Yevropaga borib, ittifoqchilar bilan Rossiya masalasi va NATO kelajagini muhokama qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 15-oktabr, 2021-yil

“Vazir Gruziya, Ukraina va Ruminiyada bo’lib, Bryusselda NATO mudofaa vazirlari majlisida qatnashadi”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Ruminiya NATOga a’zo mamlakat, Ukraina va Gruziya esa alyansga qo’shilmoqchi. Bu ikki respublika bo’lginchi hududlarning borligi sabab hozircha blokka a’zo bo’lolmaydi.

“Amerikaning yuqori lavozimli rasmiylari Gruziya va Ukrainaga borib, rus bosqini va istilosiga qarshi kurashayotgan xalqlarga ularni unutmaganimizni, qo’llab-quvvatlamoqchi ekanimizni, avtoritar zo’ravon demokratik qo’shnisini bosib olmoqchi bo’lsa, Amerika betaraf turmasligini aytishi kerak”, - deydi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” tashkilotidan Bredli Bauman.

So’nggi yillarda Pentagon asosiy e’tiborini ikki yirik raqib – Rossiya va Xitoyga qaratishga harakat qildi. Tahlilchi Baumanning aytishicha, Qo’shma Shtatlar bu ikki bosqinchi davlat popugini pasaytirish uchun harbiy ittifoqlar va qudratini kuchaytirishi kerak.

“Xitoy va Rossiya 1950-yillardan beri ancha yaqinlashgan. AQSh, ittifoqchilar va hamkorlar har ikkisiga qarshi bir paytda bas kelolmaydi”, - deydi ekspert.

AQSh avgust oyida qo’shinlarini Afg’onistondan shoshilinch evakuatsiya qilib, 20 yillik harbiy amaliyoti paytida askarlariga yordam bergan ko’plab afg’onlarni tashlab ketganidan so’ng Amerikaning liderlik roliga ishonch susaydi.

AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, vazir Ostin va NATOdagi ittifoqchilar alyansning bundan keyingi siyosati va vazifalarini kelasi hafta muhokama qiladi.