Amerikaning Baltimor shahriga namoyish va to’polonlardan keyin osoyishtalik qaytdi. Qora tanli bir yigitning politsiya qo’lida halok bo’lgani Merilend shtatidagi bu shaharda ommani oyoqqa turg’izgan, favqulodda holat e’lon qilingan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Freddi Greyning o’limi yuzasidan olti politsiyachiga ayblov qo’yilgan. Talon-taroj bo’lgan mahallalarni tozalash va tiklash ishlarida ko’ngillilar faol.
Namoyishlardan jabr ko’rganlarga yordam ko’rsatish uchun shaharning boshqa burchaklaridan volontyorlar yetib keldi. Yordamchilarni topishda hech muammo tug’ilmadi, deydi mahalliy qonunchi Antonio Hayes.
“Barchamiz Baltimor asl holiga qaytishini istaymiz. Hozircha ko’chalarda hanuz huquq-tartibot xodimlari, askarlar uchrab turadi. Muhimi, hech kim befarq emas. Tartibni tiklashda hamma qatnashyapti”, - deydi u.
Ko’ngilli mehnat - Amerikada keng tarqalgan odat. Batimorning do’kon va bizneslar yonib ketgan mahallasida aholiga bepul meva-sabzavot tarqatish tashkillashtirildi.
Politsiya vertolyotdan vaziyatni kuzatib turibdi. Volontyor Kavet Byuford qo’shni shahardan yordamga kelgan.
"Odamlarga zarur mahsulotlarni tarqatyapmiz. Chunki ayrim do’konlar, aptekalar yopiq. To’polon paytida talon-taroj qilingan”, - deydi u.
Trakisha Pils ikki farzandi bilan meva-sabzavot olishga kelgan.
“Rastalar bo’m-bo’sh. Oilalarga bepul mahsulot tarqatilayotgani katta yordam bo’ldi”, - deydi ona.
Ota-onalar bozorini qilar ekan, bolalarga qarash, ularga tabassum ulashishni diniy tashkilotlar o’z zimmasiga olgan. Qariyb bir hafta davom etgan zo’ravonlikni ular ham ko’rdi, deydi pastor Lor Makdaniyel.
“Bolalar ertaga o’sib-ulg’ayganida shu jamoaga foydasi tegsin, namunali fuqaro bo’lsin”, - deydi u.
Joan Bruer yarmarkaga nabiralarini olib kelgan. Jinoyatlar oqibatida yaqinlaridan ayrilgan bolalarga ruhiy yordam ko’rsatadi. Bir necha yil ilgari Bruerning o’zi ham o’g’li va bir nabirasidan ayrilgan.
“Boshimizga kulfat tushsa ham qayta oyoqqa turamiz. Doim shunday bo’lgan”, - deydi u.
Vaqtini ayamay yordamga kelgan ko’ngillilarga rahmat, deydi baltimorliklar. Hayot asta-sekin izga tushyapti. Shahar ahli ertangi kundan umidvor.