BMT rahbari: Qirg'iziston janubidagi voqealar xolis tergov qilinsin

  • Amerika Ovozi

O'sh

Pan Gi Mun avval Bishkekda Parlamentar tizim taraqqiyotiga oid xalqaro konferensiyada ishtirok etdi, so'ngra O'sh viloyatiga bordi.

Your browser doesn’t support HTML5

BMT bosh kotibi O'shda bo'ldi - Nasiba Tohir, Muhiddin Zarif hikoya qiladi

BMT rahbari Qirg’iziston qonun chiqaruvchi organi tizimida yuz bergan o’zgarishlarni sanab, mavjud muammolarga ham e’tibor qaratdi.

Uning aytishicha, odamlar va davlat orasida ishonch sustligi va ijobiy o’zgarishlarning tez amalga oshmayotgani ko’pchilikni norozi qilmoqda.

Pan Gi Mun, shuningdek, qonunchilarni fuqarolik jamiyati vakillari bilan yaqindan ishlashga chaqirib, bu qonunlarning ko’zlangan maqsad yo’lida cheklovlarsiz ishlashi uchun muhim ekanini ta’kidladi.

“Oldingizda katta maqsad bor – odamlar uchun yaxshi ish o’rinlariga bo’lgan ehtiyojini qondirish, samarali demokratik boshqaruvni yo’lga qo’yish, ixtiloflarni yo’qotish, tinchlik o’rnatish va ta’lim hamda sog’liqni saqlash tizimlarining sifatini yaxshilash”, - dedi BMT Bosh kotibi.

Pan Gi Mun qonunchilar bilan uchrashuvda BMT Tinchlik o’rnatish fondi tashkil qilinganini ma’lum qildi. Undan ko’zlangan maqsad Qirg’iziston va Tojikistondagi jamiyatlar o’rtasida hamkorlikni kuchaytirish va bu jarayonga yoshlar va ayollarni ko’proq jalb qilishdir, dedi u.

Yangi tashabbus Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi deb umid qilaman; bu yerga tashrifimdan asosiy maqsadim shu, dedi BMT rahbari.

Pan Gi Mun O’sh shahriga borib, besh yil muqaddam o'zbek va qirg'iz millatlari orasida yuz bergan etnik to’qnashuv qurbonlarini xotirladi.

U fojeada halok bo’lganlarning yaqinlariga ta’ziya izhor qilib, etnik zo’ravonliklarda inson huquqlarini himoya qilishga uringan faollar ishini olqishladi.

“Ammo men ixtiloflarni bartaraf etish va muammoning asosiy sabablarini topib, haqiqiat va adolat o’rnatishga bo’lgan urinishlarning sekin ketayotganidan xavotirdaman, - dedi Pan Gi Mun. – Mutasaddilarni bu borada muhim choralarni ko’rishga chaqiraman”.

Hukumat ko’rishi lozim bo’lgan choralar qatorida BMT rahbari etnik kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha inson huquqlari buzilishlari holatlarini to’liq tekshirish, zo’ravonliklarni amalga oshirganlarni jazolash va tergov jarayonida qiynoq usullari qo’llangani haqidagi da’volarni o’rganib qayta tekshiruv o’tkazishga undadi.

Safarining avvalida Tojikiston va Qozog’istonda bo’lgan Pan Gi Mun endi mintaqaning qolgan ikki davlati – O’zbekiston va Turkmanistonga boradi.

Etnik xunrezlikdan besh yil o'tib... O'sh, Qirg'iziston