22-mart kuni ertalab soat sakkizda Belgiya poytaxti Bryusselda uchta portlash yuz berdi: ikkitasi aeroportda, yana biri metro bekatida. 34 kishi o'lgan. 200 ga yaqin odam jarohatlangan.
Zavantem aeroportida yuz bergan xurujdan bino oynalari chil-parchin bo'lgan. Videoda odamlarning u yerdan qochayotgani aks etgan. Bu yerdan portlamay qolgan yana bir bomba topilgan.
Oradan bir necha daqiqa o'tib Melbek metro bekatida bomba portlagan. Bekat Yevropa Ittifoqi idoralariga yaqin hududda joylashgan.
Belgiya hukumati terror xurujlari ortida turganlar aniqlanadi, qanchalik dahshatli bo'lmasin, aholi vahimaga tushmasin, deya undamoqda.
Yevropa Ittifoqi bu hujumlar nafaqat Belgiya balki butun blokka nisbatan xuruj deya, a'zo davlatlarni ogoh turishga, xavfsizlik choralarini mahkamlashga chaqirmoqda.
Yuzlab samolyot qatnovlari bekor qilingan. Bryusselda metro tizimi ham ishdan to'xtagan.
Ushbu portlashlar Parij xurujlarining muhim ishtirokchisi hisoblangan Salah Abdesalam Bryusselda hibsga olinishidan bir necha kun o'tib ro'y berdi.
"Islomiy davlat" terror guruhi hujumlar uning ishi ekanini tan olib, bundanda qonli hujumlar kuting, deya ogohlantirmoqda.
Amerika hukumati Belgiya xalqiga hamdardlik bildirdi. Kubaga safarini yakunlayotgan Prezident Barak Obama AQSh terrorizmga qarshi qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi va Belgiya hamda Yevropa davlatlariga har tomonlama yordamga tayyor, deya bayon qildi.
Tergovchilarning aytishicha, e'tibor mahalliy terrorchilarda, ya'ni Belgiyaning o'zida katta bo'lgan musulmon ekstremistlarda. Musulmon mahallalarda tintuvlar avjida, ko'chalar yopib qo'yilgan. Jamoatchi faollar xavfsizlikni ta'minlash inson huquqlarini poymol etish degani emas, deya hukumatni ehtiyotkorlik bilan ish tutishga chaqirmoqda.