Breaking News

Molenbek - Belgiyaning jihodchilar mahallasi


O’tgan hafta Fransiyada ro’y bergan terror xurujlari tergov qilinar ekan, Belgiyaning immigrantlar yashovchi qashshoq mahallasi Molenbekda ham qator reydlar o’tkazilgan.

Bu yer ekstremizm o’chog’i deya tasvirlanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, 400 dan ziyod belgiyalik Suriyada “Islomiy davlat” jangari guruhi safida jang qilmoqda.

Parijdagi hujumlar tashkilotchisi deb tasvirlangan Abdulhamid Abaud Belgiyaning Molenbek mahallasida o’sib ulg’aygan.

Uning sherigi, Parijdagi restoranlarning biri yonida o’zini portlatgan Ibrohim Abdislomning bu yerda kafesi bo’lgan. Uning akasi Saloh qidiruvda. Tahlilchilarning aytishicha, bu mahalla - ekstremistlar uchun tashviqot maydoni.

“Molenbek - hukumat e’tiboridan chetda qolgan bir jamoa. Orasida radikal qarashdagi odamlar ham bor, buni 20-30 yildan beri bilamiz. Nafaqat Belgiya, balki butun Yevropaning islomiy radikallari o’sha yerdan chiqadi”, - deydi Klod Monike.

Politsiya Molenbekda reydlar o’tkazmoqda. Mahalliy aholi go’yo qamal ostida qolgandek.

“Aqlga sig’maydigan ishlar. Yoshlarimizga nima bo’layapti?”, - deb so’raydi Aziz ismli kishi.

2001-yilda Afg’onistondagi shimoliy alyans qo’mondoni Ahmad Shoh Mas’udni o’ldirganlar Molenbekda yashagan. 2004-yili Ispaniyada yo’lovchi poyezdni portlatgan shaxs ham shu yerdan.

2014-yilda Bryusseldagi yahudiy muzeyi o’qqa tutilib, to’rt odam o’lgan edi. Bu hujum ortida turgan shaxs ham Molenbekdan.

Avgust oyida esa Belgiyadan Fransiyaga ketayotgan tezyurar poyezdda yo’lovchilarni otmoqchi bo’lgan Ayub al-Xazaniy ham Molenbek mahallasidan edi.

“Radikalizm Belgiya uchun katta muammo. Fuqarolari “Islomiy davlat”, Jabhat al-Nusra kabi guruhlarga borib qo’shilgan”, - deydi tahlilchi Sajjan Gohil.

Terrorchilar Yevropaning ochiq chegaralaridan o’tayotgani aytiladi.

“13-noyabrdagi hujumlar Belgiyada rejalangan, terrorchilarning Fransiyada sheriklari bo’lgan”, - deydi u.

Belgiya terrorizmga qarshi kurashda sustkashlik qilayotgani haqida xavotirlar bor.

“Bu savolga javob bermayman. Effektiv kurashishga harakat qilyapmiz”, - deydi Tashqi ishlar vaziri Didiyer Reynders.

Qator terror xurujlarini bartaraf etganmiz, deydi rasmiylar. Ammo Yevropaning siyosiy markazida islomiy ekstremizmga qarshi jiddiyroq choralar ko’rish talablari yangramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG