Belgiya hukumati poytaxtda terror xurujlari ehtimoli pasayganini qayd etmoqda. Hafta boshida teraktlar ro'y berish ehtimoli eng yuqori darajada deyilgan edi.
Biroq xavf hanuz jiddiy, deydi Bosh vazir Charlz Maykl. Soldatlar Bryussel va uning tevaragini mudofaa qilishda davom etadi, deydi u.
Parijda 13-noyabr kungi qonli hamlalardan keyin Belgiya va Fransiyada jangarilar yana zarba berishi mumkin, degan taxminlar kuchaygan edi. Belgiya rasmiylari, xususan, Parijdagi xurujda qatnashgan belgiyalik shaxsni hamon qidirmoqda.
Shu damgacha Belgiya politsiyasi terrorizm gumoni bilan besh odamni ushladi.
Germaniyada tintuv-hibsga olishlar
Germaniyada qonli hamlalar rejalash gumoni bilan Berlinda ikki odam hibsga olingan, keyinroq dalil yo'qligi bois ular qo'yib yuborilgan. Biri suriyalik, ikkinchisi tunislik.
Berlin politsiyasi va prokuratura ehtimoliy xavfni tergov qilmoqda. Gumon bo'lgani bois masjid tintuv qilindi va 28 hamda 46 yoshli ikki erkak ushlandi, deydi Berlin politsiyasidan Stefan Redlik.
Huquq-tartibot xodimlari bu ikki odamning mashinasini tintuv qilgan, portlovchi modda alomatlari topilmagach, qo'yib yuborgan. Masjid mutasaddilari tintuv-tekshiruvdan norozilik bildirgach, Berlin politsiyasi uzr so'rab bayonot bergan.
Fransiyada 130 kishini hayotdan olib ketgan portlash va otishmalar ortidan Yevropa davlatlarida tekshir-tekshir kuchaygan, xavfsizlik xizmatlari shay holatda.