AQShda saylovchilar Baydenning yoshi va sog’lig’idan xavotirda

  • Amerika Ovozi

AQShda yetakchi respublikachi siyosatchilar Prezident Jo Baydenning ruhiy salomatligini shubha ostiga qo’ymoqda. Saylovchilar uning keksa yoshiga ishora qilarkan, noyabrda bo’ladigan saylovda qayta qatnashish rejasiga norozilik bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 12-fevral, 2024-yil

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Nikki Xeyliga ko’ra, Baydenda prezidentlik vazifalarini bajarish uchun aqliy qobilyat yetishmaydi.

Donald Trampning saylov kampaniyasida katta maslahatchi Jeyson Millerning aytishicha esa, noyabrgacha uning sog’lig’i yanada yomonlashishi mumkin.

Trampning siyosiy harakat qo’mitasi bayonot chiqarib, Baydenning yoshi milliy xavfsizlikni xavf ostiga qo’yayotganini bildirdi.

“Xotiram joyida. Prezident bo’lganimdan beri qilgan ishlarimga nazar tashlang”, - dedi Bayden o'zini himoya qilarkan.

Prezidentning maxfiy hujjatlarni uyda saqlagani bilan bog’liq tergovni olib borgan maxsus prokuror o’z hisobotida Bayden u bilan suhbatda ko’p narsalarni eslay olmaganiga ishora qiladi.

So’nggi paytlarda Baydenning nutqlarida chalkashish ko’p uchramoqda. Masalan, marhum rahbarlar bilan gaplashganini aytadi. Bir hafta oldin Emmanuel Makronni 1996-yilda vafot etgan Fransiya Prezidenti Fransua Mitteran bilan, o’tgan chorshanba esa Germaniya sobiq Kansleri Angela Merkelni 2017-yilda olamdan o’tgan kansler Gelmut Kol bilan adashtirdi.

Shundan so’ng Misr rahbari Abdul Fattoh al-Sissiyni Meksika prezidenti deb atadi.

“Avvaliga Meksika Prezidenti Sissiy gumanitar yordam uchun darvozalarni ochishni istamadi”, - dedi Bayden o’tgan hafta.

Bayden 81 yoshda, uning respublikachi raqibi Tramp 77 da. Biroq Tramp Baydenga nisbatan ancha tetik ko’rinadi. Saylovchilari bilan uchrashuv paytida Tramp deyarli har safar Baydenni mazax qiladi.

Biroq ayrim kuzatuvchilar Baydenni himoya qilmoqda.

“Davlatni boshqarish jamoa tuzishni, koalitsiyani shakllantirishni, boshqaruvni talab qiladi. Bayden bu masalalarda bo’sh kelganiga birorta ishora ko’rmayapman”, - deydi Chikago universiteti professori Uilyam Xauvel.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning salkam 80 foizi Baydenni yana bir prezidentlik muddati uchun keksa deb hisoblaydi. 48 foizi esa Trampning aqliy va jismoniy sog’lig‘idan xavotirda.