AQSh Prezidenti Jo Bayden sobiq rahbar Donald Tramp uyining yaqinda Federal qidiruv byurosi agentlari tomonidan tintuv qilinganiga doir nozik siyosiy mavzuni ilk bor tilga olib, respublikachi qonunchilarning huquq-tartibot idorasiga hujumini qoraladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bayden bu mavzuda yaqinda Pensilvaniya shtatiga qilgan tashrifi chog’ida so’zladi.
“FBR agentlari qonunga rioya qilayotgani va shunchaki o’z ishini bajarayotgani uchun ular va oila a’zolarining hayotiga xavf solayotgan yangi hujumlarni ko’rish juda achinarlidir”, - dedi Bayden.
O’tgan oy boshqarma xodimlari Trampning Florida shtatidagi uyida tintuv o’tkazishi ketidan sobiq prezident tarafdorlari tomonidan FBRni moliyalashni to’xtatishga da’vatlar yangradi.
“Idorani isloh qilib bo’lmaydi, demak uni yangilash kerak. Ular davlat ichidagi davlat qo’lida, nazoratdan chiqqan, odamlar huquqlarini poymol qilishyapti”, - deydi o’ng qanot siyosiy tashkilot asoschilaridan biri Jon Xyugo.
Bayden o’tgan yil 6-yanvarida Kapitoliyga hujum qilgan odamlarni himoya qilayotgan respublikachilarni ham nishonga oldi.
“Kongressdagi trampchi respublikachi do’stlarim. Agar siz 6-yanvar voqealarini qoralashni istamasangiz, huquq-tartibot idoralarini qo’llab-quvvatlashingiz haqida og’iz ochmang. Kimning tarafidasiz o’zi?”, - dedi u.
Baydenning bu gaplari noyabrda Kongressga bo’ladigan oraliq saylovdan oldin kechayotgan saylov kampaniyasining ritorikasini yanada kuchaytirdi. Respublikachilar Kongressda nazoratni qayta qo’lga olishga umid qilmoqda.
“Qonun ustuvorligini himoya qilishga shoshilib, so’ng o’z raqiblarini ta’qib etish maqsadida chetda turib, bilintirmay hukumat vakolatini, Adliya vazirligi vakolatini ishga solish oson emas”, - deydi Chikago universitetidan Uilyam Xauel.
Joriy yilda Texas va Nyu-Yorkdagi ommaviy otishmalardan so’ng qurol nazoratini cheklashga intilayotgan Bayden shtatma-shtat yurib, iyun oyida Senat va Vakillar palatasida qabul qilingan qurol xavfsizligiga doir qonunni va qonunchilikdagi boshqa yutuqlarini sarhisob qilarkan, saylovchilar partiyadosh nomzodlariga ovoz berishiga umid qilyapti.