Breaking News

Tramp o'z bizneslari yuzasidan so'roq qilinishdan bosh tortmoqda


Nyu-York, 10-avgust, 2022
Nyu-York, 10-avgust, 2022

AQSh sobiq rahbari Donald Tramp konstitutsion huquqlarini ro'kach qilgan holda o'z bizneslari yuzasidan so'roq qilinishdan bosh tortmoqda. Nyu-York shtat bosh prokurori Letishiya Jeyms olib borayotgan tergovda Tramp o'z mehmonxonalari, golf majmualari va boshqa mulklari bahosini bo'rttirganlikda va shu tariqa soliq imtiyozlari va qarzlar olganlikda gumon qilinadi.

“AQSh fuqaro sifatida bosh qomusimiz kafolatlagan huquqlarimga tayangan holda bu talabni bajarmayman", - deya bayon qildi Tramp.

Uning fikricha, Nyu-Yorkning liberal bosh prokurori sobiq prezidentdan uning konservativ siyosati uchun o'ch olmoqchi.

Tramp bir necha soat davomida prokuratura xodimi bilan muloqot qilgan. 400 dan ortiq savollarning birortasiga javob bermagan.

Idoradan chiqayotganida tashqarida kutib turgan omma bilan uzoqdan ko'rishib, rahmat aytgan.

Trampning o'g'li Donald Tramp va qizi Ivanka Tramp ham boshida so'roq qilinishdan qochgan, ammo gaplashishga majbur bo'lgan. Yana bir farzandi Erik Tramp otasi kabi rad etgan.

Prokuror Jeyms bu oila adolat oldida javob berishi kerak deb hisoblaydi. Hozirgacha yig'ilgan ma'lumotlar, isbot-dalil Tramp oilasi soxtakorlikka berillib, tizimni aldaganini aks ettiradi, deydi u.

Tramp o'tmishda konstitutsiyadagi 5-o'zgartirishni bahona qilib, so'roq qilinishdan qochgan siyosatchilarni qattiq qoralagan. Endi esa uning o'zi bu erkinlikka tayanmoqda.

Nyu-Yorkdagi Tramp minorasi, 9-avgust, 2022 T
Nyu-Yorkdagi Tramp minorasi, 9-avgust, 2022 T

“Oilangiz, kompaniyangiz, atrofingizdagi odamlar asossiz ayblovlar va siyosiy uydirmalar ostida qolib, yuristlar, prokurorlar va soxtakor media nishonida ekan, bosh qomusga suyanmasdan iloj yo'q', - deydi Tramp.

Bu hafta sobiq prezidentning Florida shtatidagi uyi tintuv qilinib, Oq uydan olib ketilgan hujjatlar musodara etilgan.

Bu ma'lumotlar prezidentlik muddati bitishi bilan Milliy arxivga topshirilishi kerak edi. Federal qidiruv byurosiga ko'ra, Tramp qismangina bu talabni bajargan va hujjatlarning salmoqli bo'lagini yashirgan.

Agentlar uning uyini to'qqiz soatdan oshiq tekshirgan. 10 dan oshiq katta qutida dokumentlar topilgan, xususan Trampning shaxsiy seyfidan.

Sobiq rahbar bu ishlarda Prezident Jo Bayden va uning ma'muriyatini ayblamoqda.

Nyu-York shtat prokuraturasi tergovni davom ettirib, Trampga nisbatan chora ko'rishga bel bog'laganini bildirgan.

“Bu mamlakatda hech kim xohlagan qonunga tayanib, xohlamaganini chetga sura olmaydi. Tramp istisno emas”, - deydi Jeys.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG