AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden AQShning Yaqin Sharqdagi ayrim hamkorlari Suriyadagi terrorchilarni qo'llab-quvvatlayotgani haqida aytgan gaplari uchun ikki kun ichida ikki bor kechirim so'radi.
U Abu Dabi amiri shahzoda Muhammad bin Zayidga qo'ng'iroq qilib, Birlashgan Arab Amirliklari terrorchilarni qo'llab-quvvatlaydi, degan ma'noni qasd qilmaganini aytgan.
Bayden o'tgan hafta Garvard universitetida so'zlagan nutqida terrorizmga qarshi kurashda AQShning ayrim ittifoqchilari "eng katta muammo" bo'layotganini ta'kidlagan. U Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklarini misol qilib keltirgan.
Bayden boshqa joyda so'zlagan yana bir nutqida Turkiya Prezidenti Toyib Erdog'an xorijlik jangarilarni chegara orqali Suriyaga o'tkazib xato qilganini tan oldi, deb aytgan.
Erdog'an Baydenning bu so'zlarini keskin inkor qilib chiqdi. Uning aytishicha, Turkiya hech qanday terror tashkilotini qo'llab-quvvatlamaydi va Turkiya chegarasidan Suriyaga biror jangarining o'tishiga ruxsat berilmagan.
"Odamlar Turkiyaga sayyoh bo'lib keladi. Ayrimlari bu yerdan Suriyaga o'tib ketgan bo'lishi mumkin. Lekin ularning birortasi chegarani kesib o'tayotgan paytda qurollangan bo'lgani haqida ma'lumotlar yo'q', - dedi Erdog'an.
Shundan so'ng Jo Bayden Turkiya rahbariga qo'ng'iroq qilib, aytgan so'zlari uchun uzr so'ragan. Oq uy chiqargan bayonotda ham AQSh vitse-prezidentining Turkiya va Yaqin Sharqdagi boshqa hamkor davlatlardan terrorizm haqida aytilgan yanglish so'zlari uchun uzr so'ragani tilga olinadi.