Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujum boshlash ehtimolidan xavotirda. Kiyev Moskvani chegarada 90 mingdan ortiq qo’shin to’plaganlikda ayblamoqda. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken chorshanba kuni NATO majlisida Rossiya hujumi jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Rossiyaning Ukrainaga qarshi yirik yurish qilish rejalaridan xabar topdik. Ukrainani ichidan beqarorlashtirish, keng ko’lamli harby amaliyot o’tkazish shular jumlasidan”, - dedi Blinken.
Bugun Blinken Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining ikki kunlik majlisi chog’ida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Ukraina masalasini yuzma-yuz muhokama qildi. Blinken Lavrovga Prezident Baydenning Putinga ogohlantiruvchi maktubini topshirgan.
"Mojaroning oldini diplomatiya orqali olgan yaxshi”, - dedi u Lavrov bilan uchrashuvdan oldin.
Blinkenga ko’ra, Rossiya ham, Ukraina ham 2014-yilda imzolangan Minsk tinchlik bitimidagi majburiyatlarini bajarishi kerak. Lavrovning aytishicha, Moskva Kiyev bilan muloqotga tayyor, biroq NATO sharq tomon kengaymaslikka rasman va’da berishi kerak.
"Alyansning harbiy infratuzilmasi Rossiya chegarasi tomon yaqinlashmoqda. Ruminiya va Polshada Rossiyaga qarshi ishlatilishi mumkin bo’lgan raketa hujumidan mudofaa tizimi mavjud. Amerikaning o’rta masofali raketalari ham Yevropa tuprog’ida paydo bo’lishi mumkin. Harbiy to’qnashuvning dahshatli ssenariysi qaytmoqda”, - dedi Lavrov.
Unga ko’ra, NATO sharq tomon ortiq kengaymaslikka, Rossiyaga yaqin hududlarda hujumkor qurollar tizimlarini o’rnatmaslikka so’z berishi kerak.
"Haqiqatan g’arbiy chegaralarimizga tahdid kuchaymoqda. Bu haqda ko’p gapirganmiz. Shimoliy Atlantika alyansining harbiy infratuzilmasi Rossiya chegarasiga qanchalik yaqinlashganiga e’tibor bering”, - deydi Putin.
Blinkenga ko’ra, vaziyat juda jiddiy, Putinning Rossiya Ukrainaga emas, balki Ukraina va NATO Rossiyaga tahdid solayotgani haqidagi gaplarida ma’no yo’q.
“AQSh sobiq elchisi Bill Teylorning aytishicha, Baydenning Putinga atalgan maktubida “qo’shni davlatni bosib olish rejasidan qayting, agar quloq solmasangiz, oqibatlari jiddiy bo’ladi” deyilgan. Bu shunchaki quruq do’q-po’pisa emas. AQSh va Yevropadagi ittifoqchilar oldingidan ancha qattiqroq yangi sanksiyalarni joriy etish xususida o’ylanmoqda. Ruslar bu kabu sanksiyalar bilan oldin yuzlashmagan”, - deydi Teylor.
Rossiyaga chegaradosh Ukraina va Gruziya NATOga a’zo bo’lishga intilar ekan, Kreml buni o’ziga tahdid deb biladi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham Rossiyani ogohlantirdi.
"Ukrainaning NATOga qo’shilishini Ukraina va alyansga a’zo 30 davlat hal qiladi, Rossiya emas. Rossiyaning qo’shni davlatlarni nazorat qilish uchun ta’sir doirasini belgilashga haqqi yo’q”, - dedi u.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ziddiyatni yumshatish uchun Moskva bilan bevosita muloqot qilish kerakligiga urg’u berdi. “Ukraina armiyasi qudratli, Putindan bilan gaplashishdan qo’rqmayman”, dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti kecha parlamentda shu mavzuda nutq so’zlagan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Zelenskiyning ma’ruzasida Rossiyaga tahdidlar yangragan.
"Zelenskiy Qrimni qaytarish Ukrainaning asosiy maqsadi va falsafasi dedi. Biz buni Rossiyaga to’g’ridan-to’g’ri tahdid deb ko’ramiz. Chunki bunday bayonot Kiyev rejimi Rossiya mintaqasini tortib olish uchun kuch ishlatishga tayyor ekanini anglatmoqda”, - dedi Peskov.
Kremlga ko’ra, Ukraina armiyasining yarmi ayni paytda isyonchilar bilan janglar bo’layotgan sharqiy hududlarda to’plangan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova sharqdagi ukrainalik askarlar sonini 125 ming atrofida baholadi.