Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg AQSh prezidentligi uchun 2020-yilgi saylovda qatnashadi. Maqsadim Donald Trampni mag'lub etib, Amerikani qayta qurish, deydi 77 yoshli milliarder. U Demokratik partiyadan 18-da'vogar.
Ayni paytda sobiq-vitse prezident Jo Bayden hamda senatorlar Elizabet Vorren va Berni Sanders reytinglarda yetakchi. Ammo Blumberg kelasi yili Donald Trampni yengishga qodir kuchli nomzod yo'qligi uchun poygaga kiryapti, deydi uning safdoshlari. 2016-yilgi saylovda u Hillari Klinton nomzodini yoqlagan.
50 milliard dollardan oshiq mol-davlati bor Maykl Blumberg 2002-2013 yillarda Amerikaning eng yirik shahrida uch muddat mer bo'lgan. Yirik media imperiya egasi saxovatpesha tadbirkor sifatida ham tanilgan.
O'tgan yillar ichida u AQShda ko'mir zavodlarini kamaytirib, toza energiya manbalarini rivojlantirish, otishmalarning ga qaratilgan loyihalarga millionlab dollar ajratgan.
Blumberg saylov kampaniyasini muhim shtatlarda 37 million dollarga teng telereklamalar bilan boshlamoqda. Saylanish uchun qancha mablag' sarflashga tayyorsiz degan savolga, uning maslahatchisi Xovard Vulfson, "Donald Trampni mag'lub etish uchun uchun qancha ketsa, shuncha", deya javob bergan.
Oldin ham prezidentlikni ko'zlagan, ammo niyatidan kechgan Blumberg Donald Trampni o'z biznes muvaffaqiyatlarini oshirib ko'rsatuvchi "xavfli safsataboz" deb ataydi.
"Mitti Maykl hech narsaga erisholmaydi, [Jo] Baydenga zarar qiladi xolos. Ko'p pul sarflaydi, shaxsiy muammolari ko'p", - deya piching otdi Tramp.
Blumberg AQShda boy va kambag'allar o'rtasidagi jarlik kengayib borayotgani haqidagi bahslar avj olgan bir mahalda poygaga kirmoqda. Demokratik partiyadan yetakchi nomzodlar Elizabet Vorren va Berni Sanders milliarderlarga katta soliq solish tarafdori.