Yelena Bondar: Aybim - jurnalistligim

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) tashkiloti O’zbekistonda matbuot erkinligi mutlaqo yo'q, davlat axborot vositalarini qattiq nazorat qiladi, deya xalqaro hamjamiyat e’tiborini bu masalalarga qaratishga urinmoqda.

Respublika bo’ylab faoliyat yuritadigan va taniqli faol Vasila Inoyatova rahbarligidagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati ham qamoqdagi jurnalistlar ozod etilishini talab qilmoqda.

30-aprel kuni jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudi mustaqil jurnalist Yelena Bondar ishi yuzasidan kiritilgan arizani shikoyat tartibida ko’rib chiqqan va uni aybdor deb topgan. Yunusobod tuman sudi qarorni o’z kuchida qoldirgan.

Sud hukmiga ko’ra, millatlararo adovat qo’zg’atishda ayblangan Yelena Bondar eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida jarima to’lashi kerak. Jurnalistning aytishicha, Toshkent shahar sudining qarori adolatga bo’lgan umid uchqunlarini ham yo’qqa chiqargan.

“Bu ish mustaqil ommaviy axborot vositalarida keng va batafsil yoritilgani bois sud adolatli qaror chiqarishiga umid bog‘lagan edik. Afsuski, shikoyat arizam rad etildi. Umidlar yana yo’qqa chiqdi. Ular hukmni o’zgartirish niyatida emaslar”, - deydi Yelena Bondar.

Muxbirga qarshi jinoiy ish tarixi chigal. Bondar Tyumen Politexnika universitetining Toshkentdagi hamkor firmasi xodimi Olga Starkova nomidan milliy adovat qo’zg’atuvchi harakatda ayblanmoqda.

Bondar Starkova bilan “Fergananews.com” tahririyatining iltimosiga ko’ra vaziyatni o’rganish uchun uchrashgan, biroq bu haqda maqola yozmagan. Oradan yarim yil o’tib esa Tojikiston muhojirlarining internet sahifasida Olga Starkova nomidan Yelena Bondarga qarshi maqola paydo bo’lgan.

Bir oylar o’tib, Bondarga ichki ishlar boshqarmasidan chaqiruv qo’g’ozi kelgan. Bu ish yuzasidan aprel oyida o’tgan sud ayrim axborot vositalarida Olga Starkova nomidan qoldirilgan sharhlarni aslida Yelena Bondar yozgan degan xulosaga kelgan.

Bu maqolalar yuzasidan O’zbekiston davlat axborotlashtirish agentligining monitoring bo’limi ekspertiza o’tkazgan va ularda O’zbekistonda ommaviy noroziliklar, aksil-konstitutsiyaviy harakatlar, milliy adovat qo’zg’atishga chaqiriqlar borligini aniqlagan.

Sud Yelena Bondarni Ma’muriy javobgarlik kodeksining 184-3 moddasi bo’yicha aybdor topib, unga jarima solgan. Bondar bu ayblovlarni inkor etib, jinoyat ishi buyurtma asosida qo’z‘gatilganini ta’kidlaydi.

“Olga Starkovaning arizasiga ko’ra meni surishtiruvga chaqirishayotganini aytishdi. Bungacha bo’lgan chiqishlardan xulosa qilib, voqea kim tomonidan tashkillashtirilganini tushunish qiyin emas edi. Chunki odatda oddiy odamlar o’rtasidagi tushunmovchiliklar o’sha vaqtni o’zidayoq, hali ehtiroslar sovimasdan hal etiladi. Bu yerda esa oradan besh oy o’tganidan keyin ziddiyat qo’zg’atilmoqda. Aniq aytish mumkinki, ularni shunga majburlashgan, bu ixtiyoriy qilingan qaror emas”, - deydi Bondar.

Mustaqil jurnalistlar Yelena Bondar, sal avvalroq esa Viktor Krimzalov ustidan ochilgan sud ishini ham hukumatning so’z erkinligini bo’g’ish siyosati mahsuli deb bilishadi. Bondar va Krimzalov O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarga qarshi davom etayotgan kampaniyaning navbatdagi qurbonlari sifatida ko’rilmoqda. Bu kampaniya natijasi o’laroq ayni paytda o’ndan ortiq mustaqil jurnalistlar qamoqda o’tirishibdi.

Tadqiqotlarga ko’ra, hukumatning bu siyosati davom etadi. Har holda, Xalqaro matbuot erkinligi kuni munosabati bilan chiqarilgan hisobotlarning aksariyati shundan darak beradi.

Dunyoning 197 davlatida so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyatni o’rgangan “Freedom House“ (Ozodlik uyi) tashkiloti O’zbekistonni 195-o’rinda qayd etadi. AQShdagi yana bir tashkilot, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, O’zbekiston senzura eng keskin bo’lgan o’nta mamlakatdan biri. Markazi Parijda joylashgan Chegara bilmas muxbirlar tashkilotiga ko’ra esa, O’zbekistonda so’z erkinligining asosiy dushmani bu mamlakat prezidenti Islom Karimovdir.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining shu munosabat bilan tarqatgan bayonotida aytilishicha, O’zbekistonda so’z erkinligi bo’yicha ko’rsatkichlar allaqachon bu sohada keskin islohotlar o’tkazish fursati kelganidan darak beradi. Bayonotga ko’ra, islohotlarni avvalo qamoqdagi mustaqil jurnalistlarni ozod etishdan boshlash kerak.