Massachusets shtatida joylashgan “Riverdale Mills” kompaniyasi AQSh-Meksika chegarasida Prezident Donald Tramp qurdirmoqchi bo’lgan devor uchun buyurtmani qo’lga kiritmoqchi. Kompaniya po’latdan yasagan to’siq ayni damda Arizona shtatining Meksika bilan chegarasida 43 kilometrni qoplaydi.
“Riverdale Mills” prezidenti Jim Nottning aytishicha, bunday to’siq teshiklari shu qadar kichikki, ularga barmoq ham, kesadigan asbob ham sig’maydi.
"Bunday dovondan oshib ham, uni kesib ham bo’lmaydi. Beton yoki temir devordan ancha mustahkam", - deydi Nott.
Unga ko’ra, dengiz qisqichbaqalarini tutish uchun to’r ishlab chiqarishda qo’llangan texnologiyani to’siq ko’tarishda ham ishlatish mumkin. Bunday dovon mustahkam, korroziyaga uchramaydigan va arzonroq bo’ladi. Texnologiyamiz aeroportlar, qamoqxonalar va yadro inshootlari xavfsizligini ta’minlashda ham qo’llanmoqda, deydi u.
Agar hukumatdan buyurtma tushsa, deydi Nott, qimmatroq asbob-uskuna sotib olish, qo’shimcha ishchi yollab, ularni o’qitish kerak.
Nott munozarali loyiha uchun buyurtmani qabul qilsa, ayrimlar tanqidiga uchrashini biladi, ammo bundan xavotirda emas.
"Biz yaratgan har bir yangi ish o’rni jamoadagi boshqa 10 odam hayotiga ijobiy ta’sir qiladi", - deydi u.
So’nggi uch yilda shirkat xodimlari soni 60 tadan 185 taga ko’paydi. Yana 35 ishchiga ehtiyojimiz bor, deydi Nott. Uning aytishicha, ishlab chiqarishda odamlar yaxshiroq maosh oladi, bu esa mamlakat iqtisodiyotiga foydadir.