Karter va Bridlav Rossiyaning Ukrainadagi siyosati bo'yicha turlicha fikrda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvada AQSh sobiq Prezidenti Jimmi Karter, BMT sobiq Bosh kotibi Kofi Annan va yana bir necha sobiq davlat yetakchilaridan iborat Oqsoqollar guruhi bilan uchrashmoqda, 29-aprel, 2015-yil

AQShning Yevropadagi kuchlari qo'mondoni general Filip Bridlavning aytishicha, Rossiya Ukrainada yangi harbiy amaliyotlarga tayyorlanmoqda.

"Kuzatuvlarimiz shuni ko'rsatmoqdaki, Rossiya odatda tanaffusdan foydalanib, isyonchilarni anjomlar bilan ta'minlaydi, qayta tayyorgarlikdan o'tkazadi, yangi janglarga hozirlanadi", - deydi u.

Kecha dunyoning ko'zga ko'ringan sobiq rahbarlaridan tuzilgan Oqsoqollar guruhi Moskvada Prezident Vladimir Putin bilan ikki soat muloqot qilgan. Guruh a'zolaridan biri, AQSh sobiq Prezidenti Jimmi Karterning Putin bilan uchrashuvdan keyingi taassuroti general Bridlav xulosasiga qarama-qarshi.

Rossiya Minsk shartnomasini bajarayotganidan xursandman, deydi u.

"Rossiya bitimdagi barcha punktlarning bajarilishini samimiy istashiga shubha yo'q. Ukraina muammosini hal etish uchun hozirgi sharoitda bundan boshqa chora yo'q - Minsk bitimi joriy etilishi zarur", - dedi Karter.

Hujjat fevral oyida Fransiya, Ukraina, Rossiya va Germaniya rahbarlari tomonidan Minskda imzolangan. Unga ko'ra, Ukraina armiyasi va isyonchilar harbiy harakatlarni to'xtatishi, og'ir qurollarni front chizig'idan uzoqlashtirishi, mojaroni siyosiy yo'l bilan hal etish lozim.

General Bridlav Putinning Ukrainadagi keyingi qadamlarini bilmayman, ammo Rossiya harakatlari Ukraina xavfsizligiga tahdid solmoqda, deydi.

"Rossiya yillar davomida amal qilgan Yevropa xavfsizligi asoslari va tamoyillarini o'zgartirishga harakat qulmoqda. Bu mintaqaviy emas, global tahdid", - deydi u.