Vashingtondagi Jons Xopkins universitetida o’tgan anjumanda Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mongoliyadan kelgan yosh tadbirkorlar mintaqada biznes imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. Donald Ramsfeld granti asosida bir oy AQShda bo’lgan bu yoshlar biznes ko’nikmalarini oshirish bilan birga o’z yurtlaridagi xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va hududning iqtisodiy istiqboli haqida amerikalik mutaxassislar bilan tajriba almashdi.
Markaziy Osiyo, Kavkaz va Mongoliyaning aholisi jami 150 million atrofida bo’lib, shuning 65 foizini mehnat yoshidagi odamlar tashkil qiladi. Mintaqaning umumiy yillik yalpi milliy mahsuloti qariyb yarim trillion dollarga teng. Mongoliyadan tashqari, regionning barcha davlatlari o’tmishda Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgan. Bunday tarixiy bog’liqlik sabab, qolaversa, geografik, savdo va iqtisodiy jihatdan bir-biriga yaqinligi bois, tahlilchilar bu o’lkalarni yagona hudud sifatida o’rganadi.Your browser doesn’t support HTML5
Jons Xopkins universitetida o’tgan tadbirda ham mintaqaning turli davlatlaridan kelgan yosh tadbirkorlar o’z mamlakatlari haqida emas, balki butun mintaqaning iqtisodiy ahvoli haqida fikr yuritdi.
Qirg’izistonlik Nazira Beyshenaliyevaga ko’ra, region davlatlari yuz tutayotgan muammolar ham umumiydir.
“Sakkiz davlatni o’rganib chiqqanimizda bir xil manzaraga guvoh bo’ldik. Sarmoyadorlar siyosiy beqarorlikni o’zlari uchun eng katta xavf sifatida ko’radi. Shuningdek, tadbirkorlikni nazorat qiluvchi qonun-qoidalar ham ko’p. Ko’proq xorijiy investitsiyalar jalb qilish uchun hukumatlar shu masalalarda ahvolni o’nglashi kerak”, - deydi qirg’izistonlik yosh tadbirkor ayol.
Uning aytishicha, qonun ustuvorligining yo’qligi ham mintaqada ko’zga tashlanayotgan jiddiy muammolardan biri.
“Biznes faoliyatining huquqiy asoslari juda zaif. Qonun ustuvorligi yaxshi ta’minlanmagan. Sud tizimida korrupsiya keng tomir otgan. Sudlar hukumat bosimi ostida ishlaydi”, - deydi u.
O’zbekistonlik yosh iqtisodchi, Jahon banki qoshidagi Xalqaro moliya korporatsiyasining Markaziy Osiyo bo’limida ishlovchi Mansur Bo’stoniy mintaqa davlatlarining barqaror taraqqiyoti uchun iqtisodiy rang-baranglik yetishmasligini aytadi.
“Iqtisodiyotlarimizning aksariyati hanuz tabiiy zaxiralar va qishloq xo’jaligi asosida rivojlanyapti. Sanoat taraqqiyoti cheklangan. Yana bir muammo iqtisodiyot ustidan davlat nazoratining kuchli ekanidir. Ammo ayni shu nazorat bir necha yil muqaddam boshlangan jahon moliyaviy inqirozidan tez chiqishga yordam berdi”, - deydi u.
Erkin savdo yo’liga qo’yilgan to’siqlar ham mintaqaga xorijdan sarmoyalar kirib kelishiga salbiy ta’sir qilmoqda, deydi Bo’stoniy.
“Ayrim davlatlar importga katta boj qo’ygani uchun mintaqa ichida erkin savdo aylanmasi sust. Bu ichki bozor uchun foydali hisoblansa ham hududiy savdoning o’sishiga to’sqinlik qiladi”, - deydi Bo’stoniy.
Mintaqaning o’ziga xos jihatlaridan biri uning tabiiy zaxiralarga boyligidir. Mongoliyalik Dulgun Basandavaga ko’ra, regionda o’zlashtirilmagan yerlar juda ko’p. Ularda ham tabiiy boyliklar bo’lishi ehtimoli yuqori, deydi u.
“Masalan, Mongoliya hududining 30 foizi tadqiq qilingan. Qolgan 70 foizi umuman tekshirilmagan. Agar tadqiq qilinsa, yana koplab tabiiy boyliklar chiqishi mumkin”, - deydi mongoliyalik iqtisodchi.
Qozog’iston ham tabiiy zaxiralarga boyligi va tez rivojlanayotgan iqtisodiyoti bilan Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri.
Ozarbayjon-Amerika savdo palatasi rahbari Nargis Nasrullayevaning aytishicha, Markaziy Osiyo va Kavkaz Yevropa va Osiyo o’rtasidagi muhim tranzit yo’lagida joylashgan. Qit’alararo va region bo’ylab qurilgan hamda qurilayotgan neft, gaz va temiryo’l liniyalari hududning xalqaro maydondagi iqtisodiy potensialini yanada oshiradi, deydi u.
“Masalan, Markaziy Osiyo-Xitoy gaz quvuri Turkmanison, O’zbekiston va Qozog’iston orqali o’tadi. Xalqaro kuchlarni Afg’onistondan olib chiqish uchun yo’lga qo’yilgan Shimoliy ta’minot tizimi ham Markaziy Osiyo davlatlarini o’z ichiga oladi. Shuningdek, Turkmaniston gazini Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazish bo’yicha ham loyiha bor. Bu mintaqaning strategik ahamiyatini oshiradigan katta ishlar”, - deydi Nasrullayeva.
Markaziy Osiyoning siyosiy va iqtisodiy jihatdan eng beqaror davlati bu – Afg’oniston. Donald Ramsfeld stipendiati sifatida o’lkadan AQShga tashrif buyurgan yosh tadbirkor Abdul Nafi Ulumiyning aytishicha, afg’on xalqining kelajakdan umidi katta. Biz xorijiy investorlarning Afg’onistonga sarmoya kiritishini istaymiz, deydi u.
“To’g’ri, Afg’oniston siyosiy barqarorlik eng zaif bo’lgan mamlakat. Sarmoyadorlar bunday o’lkalarga pul kiritishni yoqtirmaydi. Ammo siyosiy barqarorlik iqtisodiy taraqqiyot bilan bog’liq emasmi? Mamlakat iqtisodiy jihatdan oyoqqa turmas ekan, to’la xavfsizlikka erishib bo’lmaydi, deb hisoblayman. Ya’ni, xavfsizlikni ta’minlashga bo’lgan e’tibor bilan birgalikda iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ham kapital kerak”, - deydi afg’onistonlik tadbirkor.
Qandahorda xususiy qurilish kompaniyasiga ega Abdul Nafining aytishicha, Xitoy va Hindiston kabi Osiyo davlatlari allaqachon Afg’onistonga milliardlab dollar sarmoya kiritmoqda. Ammo bu kam, Yevropa va amerikaliklar ham jarayonda ishtirok etishi kerak, deydi u.