Kaliforniyada inson savdosiga qarshi kampaniya

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Inson savdosi, Kaliforniya/Human trafficking, California

Kaliforniya shtatida inson savdosiga qarshi kurashga astoydil bel bog'lashgan. Bu muammo bilan yuzlashgan odamlar jamoatchilikni u haqda ogoh etishda faollik ko'rsatmoqda.

Virjiniya Isayas ulardan biri. Asli Meksikadan. 15 yoshida uni nikohga, so'ng olti yoshli qizchasi bilan o'g'irlab, fohishalikka majburlashgan. Hozirda Isayasning taqdiri bitilgan "Sukut sahrosi" nomli hujjatli film ishlanmoqda.

Ayanchli kunlar o'tmishda endi. Isayas endilikda inson savdosiga qarshi kurashda faollardan biri.

"Farzandingizni tortib olib, boshqa ayolga berishadi, sizga esa birovning bolasini topshirishadi. Shunda ona hech qayerga qochib keta olmaydi. Do'q-po'pisalar qilishadi, ketingizdan kuzatishadi", - deya eslaydi bu ayol.

Isayas qochishga muvaffaq bo'ldi, qizchasini esa pul to'lab qaytarib oldi. Bu ahvolga tushgan ayollar son mingta, deydi kinoijodkor Chelo Alvarez-Stexle.

"Globalizatsiya va migratsiya oqibatida odamlar bir mamlakatdan boshqasiga tez-tez qatnaydigan bo'lgan. Natijada inson savdogarlari to'riga tushish ehtimoli oshdi", - deydi kinochi.

Alvarez-Stexle yoshlarning bu muammo haqidagi bilimlarini oshirish maqsadida internetda o'yin yaratdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko'ra, inson savdosi qurbonlari asosan yosh juvonlar, 80 foizi fohishalik qilishga majburlanadi. Qolganidan esa bepul ishchi kuchi sifatida foydalanishadi. Jabrdiydalarning 20 foizi bolalar.

Los-Anjelesda tadbiq etilayotgan yangi dasturga muvofiq, haydovchilar va avtobus yo'lovchilariga muammo haqida keng ma'lumot berilmoqda. Sherif Li Bakaning aytishicha, odamlar jabrdiydalarning jinoyatchi emasligini anglashi lozim.

"Yuzlab, balki minglab yosh juvonlar, 18 ga yetmagan qizlar har kuni fohishalik bilan shug'ullanadi. Biroq bu vaziyatda asosiy jinoyatchi ularni shu ishga majburlab, ketidan mo'may pul topayotgan qo'shmachilardir. Ularni qo'lga olish kerak", - deydi sherif.

Kaliforniya shtatida shu yili yangi qonun qabul qilinishi mumkin. Unga ko'ra, inson savdosi bilan shu'gullanganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytiriladi, jabrdiydalarga yordam belgilanadi, jinsiy zo'rlash aybi bilan qamoqda o'tirib chiqqan odamlarning internetdagi faoliyati nazorat etiladi. Bu kampaniya boshida turgan Kris Kelli o'tmishda Facebook rahbarlaridan bo'lgan.

"Shu ayblov bo'yicha jazoni o'tab bo'lganlarning nima bilan shug'ullanayotganini bilmoqchimiz. Facebook va internetdagi yana bir necha sahifa ularning bu jinoyatga ortiq qo'l urishiga yo'l qo'ymoqchi emas", - deydi Kelli.

Virjiniya Isayasning aytishicha, qullikdan ozod bo'lgan odamlar uchun sha'nini, nomusini tiklash oson emas.

"Qanchalik og'ir kunlarni boshdan kechirgan bo'lmang, muhimi kuch va e'tiqodingiz qolsin. Buni sizdan hech kim tortib ololmaydi, chunki siz erkin inson bo'lib tug'ilgansiz", - deydi u.

Isayasning aytishicha, inson savdosi jabrdiydalari hayotdan sira umidini uzmasligi kerak.