Kelasi yil shu paytda Amerikada yangi rahbar ish boshlagan bo’ladi. Saylov yili ekan, Vashingtondagi siyosiy tahlil markazlari Oq uy uchun kurashayotgan arboblarga Markaziy Osiyo qanchalik muhimligi va mintaqa bilan qanday aloqa qilish zarurligi haqida o’z maslahat va tavsiyalarini bera boshlagan.
Ilk tahlilnoma Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasi (Carnedie Endowment for International Peace) dan bo’lib, uni uch sobiq rasmiy yozdi.
Davlat departamentida uzoq yillar ishlab, hozirda tadqiqot bilan mashg’ul arboblar ta’biricha, AQSh oldida to’rt vazifa turibdi.
Birinchisi, chorak asrdan beri bir kishi boshqarayotgan O’zbekiston va Qozog’istonga jiddiy e’tibor qaratish va bu jamiyatlarda rahbarlar tinch yo’l bilan yangilanishiga hissa qo’shish.
Ikkinchidan, deydi ekspertlar, Amerika Markaziy Osiyo ravnaqi yo’lida Xitoy va Rossiya bilan yaqindan ishlashi kerak, chunki mintaqa barqarorligidan hamma manfaatdor.
Uchinchidan, huquq va demokratiya deb javrayvermay, e’tiborni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qaratish lozim.
To’rtinchidan esa hamkorlik asosan harbiy sohada cheklanib qolmasin, deydi siyosatdonlar, Amerika serqirra sherik bo’lsin. (Original video quyida)
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi oldi-berdini yaqindan kuzatib kelayotgan, hamkorlik ortidagi omillarni yaxshi tushunadigan doiralarda yuqoridagi tavsiyalar tanqid ostida.
Huquq tashkilotlari nazarida Amerikaning erkinlik targ’iboti shundoq ham sust. Fuqaro jamiyati va demokratiya uchun kurashayotganlar Vashingtonni adolat va qonun ustuvorligi yo’lida jon kuydirmayotganlikda, repressiv siyosatga ko’z yumib, avtoritar rahbarlar bilan apoq-chapoqlikda ayblaydi.
Pol Stronski (Paul Stronski) - Karnegi jamg’armasi tahlilnomasining mualliflaridan biri.
“Amerikaning mintaqada o’tgan chorak asrda qo’llagan siyosatini tahlil qilib, shunday xulosa qilish mumkinki, davlatimiz haddan tashqari ko’p narsani va’da qilib yuborgan. Undan juda ko’p narsa kutishadi. Vashington reallikka qarab harakat qilishi kerak. Ko’zlangan maqsadlarning aksariyatiga yeta olmadik. Ayrim sohalarda yutuqqa erishdik, hukumatlar bilan turli jabhalarda hamkorlik qildik va qilayapmiz, biroq demokratiya targ’iboti ish bermadi. Mintaqadagi siyosiy muhit va huquq ahvoliga qarab, shuni maslahat beramizki, yondashuvni o’zgartirish kerak.”
Lekin, deya so’raymiz Pol Stronskidan, Obama ma’muriyati hukumatlarni ochiq tanqid qilmaslik yo’lini tanlagan. Bir necha yildan beri huquq masalasi yopiq eshiklar ortida muhokama qilinadi. Davlat departamenti rasmiylari hukumatlarni huquqbuzar deya so’kish yoki ularga bu borada aql o’rgatish foyda bermagan va bermaydi ham deb keladi.
“Bu borada o’z tajribamga asoslanib, shuni aytishim mumkinki, inson huquqlari bilan bog’liq muammolar doimo muhokamada. Siyosiy mahbuslar masalasi hamisha ko’tariladi va Amerika bu mavzularni hech qachon chetga surib qo’ymagan. Mintaqa o’zgarib bormoqda. Bugungi real masalalar nima? Bizningcha, hozir urg’u aholining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga, ish joylari va imkoniyatlar yaratishga berilishi kerak. Jamiyatni qiynayotgan masalalarni chuqur o’rganib, shunga qarab ish tutmoq zarur”.
Ammo, tub muammolar, xususan iqtisodiy qiyinchiliklar adolatsizlikka, korrupsiya va yulg’ichlik, qonunbuzarlik va huquqbuzarlikka borib taqalmaydimi?
“To’g’ri, bular juda katta muammolar. Hech kimga sir emas. Ularga qarshi kurashish kerak. Amerika bu borada yordamlashishi zarur, lekin hozirgi uslub ish bermayapti. Biz shuni tan olib, yangi yo’ldan boraylik, deyapmiz”.
Aynan qay yo’ldan? Maslahat berish oson, lekin sobiq rasmiylar haqiqat qanchalik murakkab ekanini, qay soha bo’lmasin, hukumatlar bilan til topishish naqadar og’ir ekanini biladi.
Qolaversa, mintaqa o’zi AQShdan nima xohlaydi? Rahbarlar nima istaydi? Aholi-chi?
Karnegi jamg’armasi tahlilnomasiga ko’ra, bugungi asosiy masala – tobora qiyinlashib borayotgan tirikchilik va iqtisod.
Lekin arboblar AQSh sarmoyani oshirsin yoki biznes hamkorlikni kengaytirsin, deya tavsiya bermaydi. Investitsiyani xususiy sektor kiritadi, Amerika hukumati emas, deydi Stronski. Xususiy sektorning esa o’z talablari bor. Tayansa bo’ladigan bank tizimi kerak. Korrupsiya chuqur ildiz otgan muhitga kirgisi kelmaydi. Oshkoralik – asosiy talablardan biri.
Pol Stronski va uning hamkasblari ta’biricha, Amerika bu borada O’zbekiston singari davlatlarga yordam bera oladi, agar hukumatlar ham buni astoydil istasa.
Amerika demokratiya bayrog’ini ko’tarib, huquq va erkinlik targ’ibotini bahona qilib, rahbarlarni o’zgartirishni odat qilgan degan ayblovdan qutulish kerak, deydi Stronski.
Aholi va hukumatlar bilsinki, Amerikaning maqsadi – ularga farovonlik yo’lida ko’maklashish. Siyosiy o’zgarishlarni xalqlarning o’zi, o’zi xohlab va o’z harakati bilan qiladi, deydi ekspert.
Demokratiyaga intilgan jamiyatlarga, yakkahokimlik va huquqbuzarlik avj olgan mamlakatlarga madad ko’rsatishni Amerika azaldan burch deb hisoblab kelgan. Bu o’zgarmas maqsad va vazifa, deydi AQSh rahbarlari. Erkinlik diyori erkinlik urug'ini sochaveradi.
Xavfsizlikni ta’minlash yo’lida hamkorlik, iqtisodiy taraqqiyotda ko’maklashish, erkinlik targ’iboti va madaniy rishtalarni mustahkamlash – Vashington uchun asosiy yo’nalishlar.
Karnegi jamg’armasi ekspertlari bularni o’zgartiring, demayapti, balki bu maqsadlarga haqiqatda erishish uchun taktikani yangilash lozim, deya qayd etmoqda.
Obama ma’muriyati o’zining so’nggi yilida biror katta o’zgarish qilmasligi tayin. Kelasi yildan ishga tushadigan yangi ma’muriyat bu tavsiyalarga qanchalik quloq tutadi, ko’ramiz.