AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning aytishicha, agar Suriyada "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi jang qilishga shay qo'shimcha guruhlar topilsa, Prezident Obama ularga madad sifatida bir necha AQSh askarini ajratishga tayyor.
Bir necha kun oldin Obama Suriyaga 50 nafar maxsus qo'shin yuborishga qaror qilgan, ammo ayrim qonunchilar nazarida bu yetarli emas.
Karterning aytishicha, gap sonda emas, balki qo'shinlarning qanday vazifalarni bajarishida.
"Bu maxsus tayyorgarlikdan o'tgan harbiylar. Ular havodan yordam so'rashni biladi, razvedka ma'lumotlarini to'plashga qodir. Mahalliy qo'shinlar harbiy salohiyatini keskin oshirishga layoqati bor kuch bu", - deydi Karter.
Senat Razvedka qo'mitasi raisining o'rinbosari, demokrat qonunchi Dayan Faynstaynning aytishicha, AQShning ko'p oylik havo hujumlari samara bermadi. Suriyaga qo'shin kiritiladigan bo'lsa, ko'proq askar ajratish kerak, deydi u.
"Gap bir joyda amaliyot o'tkazish haqida emas. Jangarilar har yerda", - deydi senator.
Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Rossiya bilan hamkorlik qilishi lozim.