Xalqaro Amnistiya: Shimoliy Kavkazda jinoyatlar jazosiz qolmoqda

  • Amerika Ovozi
Rossiya prezidenti huzuridagi inson huquqlari kengashi ish tartibini o’zgartirishga qaror qilgach, uning eng keksa a’zosi, 82 yoshli Lyudmila Alekseyeva ishdan ketish haqida ariza bergan. Hukumat tashkilot faoliyatini nazoratga olmoqchi, deya tushuntiradi u.

Inson huquqlari kengashining vazifasi - Rossiya rahbariga konstitutsion majburiyatlarini bajarishda, erkinliklarni kafolatlash va himoya qilishda ko’maklashishdir. Rossiyada fuqarolik jamiyatini rivojlantirish ham uning asosiy maqsadlaridan deb belgilangan.

Yangi tartibga ko’ra, fuqaro jamiyati, nohukumat tashkilotlar kengash a’zoligiga o’z nomzodlarini internet orqali ko’rsatishlari mumkin. Shundan so’ng, prezident Vladimir Putin ular orasidan ma’qullarini o’zi tanlab oladi.

Lyudmila Alekseyeva fikricha, mazkur qoidalar inson huquqlari kengashiga Kremlga xayrixoh odamlar, jumladan, xavfsizlik organlarida ishlagan odamlar tanlanishiga olib keladi.

Bu orada, Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) inson huquqlari tashkiloti Rossiyani Shimoliy Kavkazda huquq-tartibotga e’tiborni oshirishga chaqirmoqda. Guruh hisobotida aytilishicha, mintaqada ko’p hollarda xavfsizlik kuchlari va jangari guruhlar o’rtasida farq sezilmaydi.

Xalqaro Amnistiya mahalliy boshqaruv organlari vakolatini suiiste’mol qilgan, jumladan, dahshatli jinoyatlar, odam o’g’irlash, qotillik va qiynoqlarga aralashgan hollarni o’rganib chiqqan. Jinoiy ish qo’zg’atilgan taqdirda ham oxiriga yetkazilmagan holatlar ko’p, deyiladi “Adolatsizlik Xalqasi” deb nomlangan hisobotda.

Shimoliy Kavkaz o’lkalarida so’nggi 10 yilda 200 dan ortiq odam garovga olingan, o’g’irlangan. Ammo hech kim javobgarlikka tortilmagan.

Siyosatshunos Pol Goblning aytishicha, yuqoridagi faktlar xalqaro jamoatchilik e’tiborini jalb qilishi kerak.

“Shimoliy Kavkazdagi vaziyat dunyo e’tiboridan chetda qolib ketgani bois ham u yerda insoniyatga qarshi jinoyatlar kunda sodir etiladi. Kreml va federatsiya tarkibidagi hukumatlar o’z konstitutsiyasi va xalqaro qonunlar oldidagi mas’uliyatini unutgan”, - deydi u.

Qonun ustuvorligini ta’minlashga da’vatlar ish bermasa, deydi Pol Gobl, AQSh va boshqa davlatlar masalani BMT hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro organlarda ko’tarib chiqishi zarur.

Rossiya rasmiylari Xalqaro Amnistiya hisoboti yuzasidan izoh bermagan.