Shaharlar, okruglar, huquq tashkilotlari Tramp ma'muriyatini sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyatini sudga bergan shaharlar, okruglar va huquq tashkilotlariga ko’ra, prezidentning har bir shtatdan Kongressga nechta o’rin ajratilishini belgilashda hujjatsiz muhojirlarni aholidan ajratishga urinayotgani amalga oshirib bo’lmaydigan va konstitutsiyaga zid ishdir.

“Trampning fuqarolikni aniqlash talabini bajarish, bu haqda aniq ma’lumot to’plash qiyin”, - deydi Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi vakili Sara Brennon.

“Konstitutsiyada 10 yilda bir marta aholini ro’yxatga olish belgilangan. Okrugimizda istiqomat qilayotganlar sonini aniq hisoblashimiz kerak. Odamlarni qo’rqitishga, muhojir jamoamizning ro’yxatga olinishini to’xtatishga yo’l qo’ymaymiz”, - deydi Virjiniyaning Arlington okrugi kengashi a’zosi Libbi Garvi.

Alabama shtati Bosh prokurori Stiv Marshall esa Tramp farmonini “g’alaba” deya olqishlamoqda.

Buni ham ko'ring Tramp: Noqonuniy muhojirlar aholining bir qismi emas

“Kongressdagi o’rinlar va Saylovchilar kollegiyasida ovozlar taqsimlanayotganda, vakillik shtatlar aholisi va mamlakatda qonuniy yashayotganlar asosida belgilanishi kerak”, - deydi Marshall.

Oliy sud o’tgan yili Tramp ma’muriyatiga aholini ro’yxatga olish anketasiga fuqarolik haqidagi savolni qo’shishni man etgan edi.

Tramp shu hafta imzolagan farmoni orqali Savdo vaziri Vilbur Rossdan aholini ro’yxatga olishda qancha hujjatsiz odam aniqlangani to’g’risida ma’lumot so’ragan. Vazirlik Aholini ro’yxatga olish byurosini boshqaradi. Hukumat har bir shtat aholisi ro’yxatidan hujjatsizlarni chiqarib tashlab, so’ng Vakillar palatasidagi o’rinlarni qayta taqsimlashni rejalamoqda.

Aholini ro’yxatga olish va Kongressdagi o’rinlarni taqsimlash haqida gap ketganda AQSh konstitutsiyasida fuqarolik tilga olinmagan.

“14-o’zgarishning 2-bandiga ko’ra, vakillar har bir shtatdagi umumiy aholi soniga qarab taqsimlanadi. Menimcha, sudlar [Tramp ko’rsatmasini] bekor qiladi, chunki u konstitutsiyaga mutlaqo zid”, - deydi huquqshunos professor Ilya Somin.

Immigratsiya ma’lumotlari

Buni ham ko'ring AQShda kim yashaydi?

Tramp ma’muriyati hujjatsiz immigrantlarni qanday aniqlashi noma’lum. Aholini ro’yxatga olish anketasida respondentlarning immigratsiya maqomi yoki fuqaroligi haqida savol yo’q.

Aholini ro’yxatga olish bo’yicha sobiq konsultant Terri Loventalning aytishicha, hujjatsiz immigrantlar to’g’risidagi barcha mavjud ma’lumotlar taxminiy.

“Shtatlar hujjati yo’q odamlarga ko’mak berishi sababli ularning soni to’g’risida ayrim ma’muriy ma’lumotlar bor. Lekin Kongressdagi joylarni taqsimlash juda o’ta murakkab matematik formulaga asoslanadi. Butun mamlakatda bu formulani tushuntira oladigan besh nafar matematik bo’lsa kerak”, - deydi Lovental.

Prezident farmoni muhojir jamoalarda qo’rquv uyg’otishi meni ko’proq xavotirga soladi, deydi u.

“Qo’rquv aholini ro’yxatga olish jarayonidagi ishtirokka ta’sir qilishidan xavotirdaman. Jarayon davom etyapti, xonadonlarning 35 foizi hali ro’yxatga olinmagan”.

Aholini ro’yxatga olish byurosi xodimlari shu hafta anketaga javob bermagan xonadonlarga tashrif buyurishni boshladi.

Ilk natijalar 31-dekabrdacha e’lon qilinishi kerak. Koronavirus pandemiyasi tufayli byuro Kongressdan ma’lumotlarni e’lon qilish muddatini uzaytirishni so’ragan.

Jorjiya shtatidagi demokrat siyosatchi va huquq faoli Steysi Abramsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Trampning farmoni demokratlarni ham, respublikachilarni ham xavotirga solishi kerak, chunki aholini noto’g’ri ro’yxatga olishdan hamma ziyon ko’radi.

“Ro’yxatga olish paytida biror shaxsning fuqaroligi haqida ma’lumot so’rash mumkin emas. Bu anketada yo’q. Og’zaki so’rash ham mumkin emas. Agar sizdan so’rashsa, eshikni yopib Aholini ro’yxatga olish byurosiga qo’ng’iroq qiling”, - deydi u.