Buyuk o’tmishi bilan faxrlanadigan, hozirgi kunini erkin tahlil va oshkora tanqid qilishga ojiz, avtoritar tuzumlar hukmron Markaziy Osiyo kelayotgan 35 yilda qanchalik o’zgarishi mumkin?
G’arb mutaxassislari bitgan yangi kitob Markaziy Osiyo 2050 deya nomlanib, ijobiy va qoniqarli holatlar haqida, salbiylikdan yiroq. Chunki, deya tushuntiradi mualliflar, kelajak xavotir va umidsizlikka emas, ezgu niyatlarga asoslanishi kerak. Mintaqa iqtisodiyoti va siyosiy hayotini o’rganib kelayotgan olimlar fikricha, ijobiy ruhda qadam tashlash kerak. Kitob bahorda nashrdan chiqadi.
Your browser doesn’t support HTML5
65 milliondan oshiq aholiga ega mintaqa oldida ulkan imkoniyatlar va muammolar turibdi. Har bir imkoniyatni ishga solish, o’nlab muammolarni hal etishni talab qiladi. Albatta, bu faqat Markaziy Osiyoga xos holat emas. Dunyodagi har bir davlat taraqqiyotning qulay nuqtasiga yetib olguncha ko’plab qiyinchiliklarni boshdan kechiradi.
Eng muhimi, taraqqiyotga faqat bir yo’nalishda erishib bo’lmasligini anglash, bir paytning o’zida barcha sohalarda oldinga siljish, jamiyatning har bir a’zosi va atrofdagi hamma narsa bir-biriga bog’liq ekanini inobatga olgan holda mehnat qilish kerak.
Hozirgi reallik murakkab, lekin mintaqa tinch. Markaziy Osiyoning besh davlati bir yoqadan bosh chiqara olsa, kelasi 10 yilda ham ko’plab masalalarni yechish mumkin, xususan transport, kommunikatsiya, savdo hamda suv taqsimoti va energetika ta’minoti yuzasidan ziddiyatlarni.
Markaziy Osiyo 2050
Kitob mualliflaridan biri, Jahon banki sobiq vitse-prezidenti, bugungi kunda Vashingtondagi Brukings institutida tahlilchi Johannes Linn tavsiyasi shuki, biror davlat integratsiyadan bosh tortsa, shikoyat qilib yoki qo’lni qovushtirib o’tirmay, usiz ham harakat qilaverish kerak.
Yevropada integratsiya shunday kechgan, deydi u, taraqqiyot sezilgani sari orqada qolganlar qo’shilishga harakat qiladi. Intilganga omad yor. Kimdir yetakchilikni qo’lga oladi. Tabiiyki, ishning katta qismi uning bo’ynida bo’ladi. Lider boshqalarni ergashtira olishi kerak.
Uzoq yillar Jahon bankida ishlagan iqtisodchi olim Harinder Kohli deydiki, yangi kitob sarlavhasi va mavzusi o’tgan yili nashr etilgan “Qozog’iston 2050” qo’llanmasini eslatadi. Bu respublikaning maqsadi kelasi 35 yilda nafaqat mintaqa balki global maydondagi eng qudratli davlatlardan biriga aylanish.
Qozog’iston va O’zbekiston, Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati, chorak asrdan buyon bir kishi qo’lidagi tuzumlar, barqarorlik birinchi o’rinda, hamma narsa tinchlikka bog’liq, deya o’z siyosatini targ’ib qilib keladi. Ziyolilar va oddiy aholi orasida ham shunday qarash chuqur ildiz otgan.
Oldin tinchlik, keyin taraqqiyot; oldin iqtisod keyin erkinlik - bular o’tkinchi fikrlar, reallikka mos kelmaydi, deya sharhlaydi Johannes Linn. Eng muhimi tinchmiz, deb o’zingizni avramang, deydi olim. Haqiqat shuki, tinchlikni saqlash taraqqiyot, tirikchilikni osonlashtirish, siyosiy va ijtimoiy islohotlar talab qiladi. Har sohada erkinlik, qonun ustuvorligi, adolat va huquq ta’minoti - bularsiz na xavfsiz yashaysiz, na farovon.
Ekspertlar tavsiyasiga ko’ra, Markaziy Osiyo haqiqatda buyuk kelajakka erishishi uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:
- barcha jabhalarda innovatsiya qilish;
- infrastrukturani yangilash;
- iqtisodda yangi tarmoqlar ochish, jumladan xizmat ko’rsatish sektorini taraqqiy ettirish;
- ishlab chiqarishni kengaytirish; o’rta va kichik bizneslarni ko’paytirish;
- mintaqaviy tijorat va qatnovni to’g’ri yo’lga qo’yish;
- energetika sanoatida isrofgarchilikdan qutulish, talab va ta’minotni joyiga qo’yish;
- qishloq xo’jaligini isloh qilish;
- iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi chora ko’rish;
- kadrlar yetishtirish;
- yosh avlodga imkoniyatlar yaratish;
- sog'liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish;
- siyosiy, iqtisodiy va ijimoiy tizimlarni takomillashtirish hamda global jarayonlardan ortda qolmaslik, dunyo hamjamiyati bilan yaqindan ishlash.
Umuman olganda, yuqoridagi talablar har qanday jamiyat istiqboli uchun muhim. Yangi kitob mualliflarining o’quvchiga gapi shuki, buyuk kelajak haqida quruq gap sotmang, amaliy qadamlar tashlang.
Vaqt juda tez o’tadi. 2050-yil qayda hali, deb qo’l siltasangiz, faqat boy berasiz. Harakatni kuchaytirsangiz, kishi boshiga yillik daromad kelasi 35 yilda besh baravarga oshishi mumkin.
Mualliflardan biri, Jons Xopkins universiteti professori va shu dargoh qoshida Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti rahbari Fred Starr, buyuk o’tmish haqida bir necha asarlar yozib, tarixdan saboq olishga undab keladi.
Yangi kitob moziydagi yutuqlar emas, qurilishini kutayotgan buyuk jamiyatlar va tuzumlar haqida, deydi Starr. Hozirgi vaziyatga qarab, rasvogarchilik, deyish oson. Eski avlodni ayblash bilan cheklanmang.
Qani, yangi avlod, siz nima taklif qilayapsiz? Istiqbol sizning qo’lingizda, deydi professor, Markaziy Osiyo yoshlariga qarata.