Amerikada Markaziy Osiyo deganda birinchi bo’lib xayolga keladigan olim Fred Starr yangi kitobini mintaqaning buyuk o’tmishiga bag’ishladi. Keksa diplomat Genri Kissinger so’zi bilan aytganda, bu asar IX-XIV asrlar orasida ilm-fan, tibbiyot, adliya va san’at sohalarida yetakchilik qilgan ko’hna bir diyor haqida.
Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy soyasidagi mintaqa yoki G’arb siyosatshunoslari tilga olishni yaxshi ko’radigan “buyuk o’yinlar” maydoni emas, o’z tarixi va madaniyati bilan dunyoning boshqa qismlaridan ajralib turuvchi, turli elatlar o’z vatani deb biluvchi hudud, deydi professor Starr.
Vashingtonda mintaqa yuzasidan kechgan muloqot va uchrashuvlarda bu ekspert hamisha mintaqa hukumatlarini himoya qilib chiqadi va shu tariqa xalqlar manfaati yo’lida gapirayotganini qayd etadi.
Professor Jons Xopkins Universitetida dars beradi hamda bu oliygoh qoshidagi Markaziy Osiyo-Kavkaz institutiga rahbarlik qiladi.
Mintaqani tushunish kerak, uning mentalitetini nazarga olmasak, xato qilamiz, deydi u. Buning uchun tarixni bilish kerak.
“Yo’qolgan Ma’rifat: Arab Istilosidan Temurlanggacha… Markaziy Osiyoning Oltin Davri” (Lost Enlightenment: Central Asia's Golden Age from the Arab Conquest to Tamerlane) nomli kitob asosan 800-1300 yillar orasidagi vaziyatni tahlil qiladi. Undan keyingi davrda yetishgan ixtirochilarni ham tilga oladi, masalan Mirzo Ulug’bekni.
“Bu asrlarda faoliyat yuritgan olimu allomalar asosan arab tilida yozgani uchun ularni arab deb o’ylab xato qilamiz”,- deydi Fred Starr. “Bu buyuk insonlar Markaziy Osiyo farzandlari bo’lgan, fors va turkiy kelib chiqishiga ega odamlar”.
Kitobda Markaziy Osiyo deganda bugungi Qozog’istondan tortib, Afg'oniston va Xitoyning Shinjon, uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb atovchi o’lkagacha bo’lgan hudud nazarda tutiladi.
IX-XIII asrlarda bu mintaqa savdo va iqtisod, san’at va ilm-fan bobida jahonda yetakchilik qilgan, deya yozadi Fred Starr.
Astronomiya, tibbiyot, kimyo, musiqa, falsafa va ijtimoiy fanlar, teologiya singari sohalarda markaziy osiyoliklarga yetadiganlar bo’lmagan, deya hikoya qiladi u.
Meditsina asoschisi Abu Ali ibn Sino, kurrai zaminni o’rgangan Abu Rayhon Beruniy, dinshunos Muhammad al-G’azaliy, matematik Muhammad ibn Musa al-Xorazmiy, astronom Ahmad al-Farg’oniy kabi allomalar qilgan olamshumul ixtiro va kashfiyotlar xususida olim to’lqinlanib yozadi.
Ma’rifat asrining tugashida notinchlik va zulm muhim rol o’ynagan, deydi Fred Starr.
Yangi avlod vakillari ustozlarning ishini davom ettira olmagan, nodir asarlarni saqlab qololmagan, bizgacha yetib kelganlari dengizdan bir tomchi, deydi professor.
Xo’sh, Markaziy Osiyo yana uyg’onishi uchun nima qilmoq zarur?
Umum tarix va qadriyatlar, mintaqaviy manfaatlar va hamjihatlikka urg’u berish kerak, deydi u.
Bugun mintaqada hamma o’z tarixi, tushunchalari va da’volariga ega. E’tibor umum tarixda emas. Har bir millat o’z o’tmishini o’zicha baholaydi va uni qayta yozmoqda.
Fred Starr nazarida bu - yosh davlatlarda xos manzara. Bora bora bu o’zgaradi, deydi u.
Millat va davlat sifatida o’ziga ishonchi oshgani sari jamiyatlar atrofdagilar bilan jipsroq bo’lishga, mintaqaviy manfaatlar haqida o’ylashga harakat qiladi va shunday qilishga majbur. Taraqqiyot kaliti yakkaxonlik emas, hamjihatlik, deydi u.
Olim O’zbekiston rahbari Islom Karimov bilan 15 yil oldin qilgan muloqotlaridan birini eslaydi. Vashingtonda o’tgan davra suhbatida hikoya qilishicha, professor prezident Karimovdan “bir-biringizni tushunib, ahil yashaydigan paytlar kelarmikan”,- deb so’ragan. Prezident “Mustaqillikdan keyin o’zimizga qaytdik”, - deb javob bergan.
Sovet davrida ochiq aytilmagan fikrlar bugun bayon etilmoqda, ya’ni e’tibor o’xshashliklarda emas, farqlarda. Hamma ajralib turgisi keladi, o’ziga xos tomonlarini ko’z-ko’z qilishga urinadi.
Professor fikricha, mintaqa liderlari muammolarni tushunadi va tarixiy va madaniy da’volar o’tkinchi.
Fred Starrni yakkahokimlarning do’sti deya tanqid qiladigan ziyolilar deydiki, professorning yangi kitobi Markaziy Osiyodagi diktaturalar tomonidan o’z siyosatini oqlash uchun ishlatilsa ajabmas.
Starr bu borada savolga tutilganida, “buni bilaman, istagan tahlil va g’oyani noto’g’ri maqsadlarga qo’llash mumkin”,- deydi.
Mintaqada ta’lim sifati pasayib ketgan. Ilmli bo’lish bugun har qachongidan qiyin va qimmat. O’qimaganlar bilim qo’l yetmas narsa desa, o’qiganlar bilganim bilan kun ko’rish qiyin, deydi.
Ilmli yoshlar o’z kelajagini erkinlik va imkoniyatlar cheklangan bu jamiyatlarda emas, xorijda ko’radi. Ilm-fan sohasini tebratgan minglab insonlar vatanni tark etgan. Markaziy Osiyo hali beri uyg’onmaydi degan iddaolarni eshitamiz.
Fred Starr esa aksincha fikrlaydi. Mintaqada o’ziga xos yangilik qilishga, ma’rifat chirog’ini asrashga, ziyo tarqatishga harakat qilayotgan mutaxassislar juda ko’p, deydi u.
Ularning xizmatlarini unutmaslik, ular yaratayotgan asarlarni qadrlab, iste’dodlarni rag’batlantirish lozim, deya qayd etadi professor.
Markaziy Osiyoning oltin davrida ham siyosat barqaror va adolatli bo’lmagan, deydi u, ma’rifat o’sishiga savdo-sotiq, iqtisodiy taraqqiyot va tashqi dunyo bilan aloqaning kengayishi turtki bergan.
Fred Starr bu kitob ustida 10 yil ter to’kdi, ma’lumotlarni mintaqa bo’ylab to’pladi, o’nlab mutaxassislar bilan hamkorlik qildi. Maqsadi asarni Markaziy Osiyodagi barcha tillarda chop ettirish.
“Odamlar tarixdan saboq olsin, ilhomlansin va buyuk o’tmishga tayanib kelajak haqida o’ylasin; ezgu tilagim shu”, - deydi olim.