Afg’onistondagi “Islomiy davlat” (IShID) guruhi a'zolarining 20 foizini O’zbekiston islomiy harakatidan chiqqan ekstremistlar tashkil etadi. Bu haqda AQShning Afg’onistondagi qo’shinlari qo’mondoni general Jon Nikolson bayonot bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
Guruhning 80 foizga yaqin a'zolari Pokiston toliblaridan iborat ekanini aytgan general Rossiyani Tolibon harakatini qo’llab-quvvatlashda ayblagan. Toliblar va Afg’oniston hukumati o’rtasida muzokara boshlash rejasi Toshkentda o'tadigan konferensiyada ham muhokama qilinadi.
Ekspertlar fikricha, o'rtada sulh bo'lishidan qat’i nazar mintaqa xavfsizligining asosiy kafolati Afg’onistonda xalqaro qo’shinlarning qolishidir.
O’zbekiston islomiy harakati (O'IH) jangarilaridan biri, Afg’oniston tomonidan O’zbekistonga topshirilgan Amirsaid Bahodirov yaqinda Andijon sudi tomonidan 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
20-mart kuni O’zbekiston televideniyesida bu shaxs haqida ko’rsatuv namoyish qilindi. Unda O’IH yetakchilari Juma Namangoniy, Tohir Yo’ldosh va Usmon Odil haqida ham ma’lumot berilgan, ammo guruhning so’nggi yetakchisi Usmon G’oziyning o’lik yoki tirikligiga ham, O’IHning bugungi taqdiriga ham oydinlik kiritilmagan.
AQSh generalining bayonotiga tayanilsa, O’IH a'zolarining aksariyati “Islomiy davlat” tarkibida jang qilmoqda.
Birmuncha avval Usmon G’oziy nomidan O’IH tugatilgani, uning o’rnida “Islomiy davlat” guruhi tarkibidagi "Xuroson lashkarlari" tashkil etilgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Keyinchalik bu guruh toliblar bilan to’qnashuvda qirib tashlangani yuzasidan tasdiqlanmagan xabarlar chiqdi.
Amirsaid Bahodirov Afg’onistondagi jangovar harakatlarda ishtiroki uchun to’rt yillik qamoqni o’tab chiqqanidan so’ng O’zbekistonga topshirilgan. Bu almashuv O’zbekiston va Afg’oniston xavfsizlik xizmatlari o’rtasida hamkorlik bitimi imzolanishidan so’ng amalga oshmoqda.
Mart oxirida Toshkentda kutilayotgan xalqaro konferensiyadan Afg’oniston barqarorligi masalasida jiddiy qadamlar kutilmoqda. Afg'on hukumati va toliblar o’rtasida muloqotni yo’lga qo’yishni maqsad qilgan qilgan bu anjumanda Afg’oniston barqarorligi bo’yicha turli qarashda bo’lgan barcha tomonlar ishtirok etishi kerak.
Toliblar hukumatga kirgan taqdirda Markaziy Osiyoga nisbatan qanday munosabatda bo’lishi noma’lum. Avvalroq bu borada toliblar tomonidan tarqatilgan rasmiy bayonotda ularning Markaziy Osiyoga nisbatan daxlsizligi e’lon qilingan edi.
Ekspertlar taxminicha Toshkent toliblar va “Islomiy davlat” o’rtasida ziddiyatlar kelib chiqib, xavfsizlik bo’yicha afg’on hukumatidan ham, toliblardan ham ma’lum bir kafolatlar olishga intilayotgan bo'lishi mumkin.
Rossiyalik ekspert Andrey Serenkoga ko’ra, Kobul va Tolibon o’rtasida muloqot ehtimoli yillardan buyon turli davlatlarda muhokama qilib kelinadi, ammo natija yo’q. Xurujlar, beqarorlik davom etmoqda.
“Mohiyat shundaki, turli gap-so’zlarga qaramasdan, so’nggi 10-15 yil davomida Afg’onistondagi ekstremist guruhlarning mamlakat tashqarisiga, jumladan Markaziy Osiyoga tahdid solmaganining asosiy sababi u yerda AQSh va NATO kuchlarining mavjudligidir. Bu borada Rossiya ham, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi (KXSh) ham Markaziy Osiyo uchun kafolat bo’la olmaydi. KXSh o’quv mashg’ulotlari o’tkazish bilan band bo’lib turgan bir paytda, AQSh va NATO kuchlari afg’on hukumati bilan birgalikda ekstremistlarga qarshi olishmoqda. Nazarimda, Toshkent xalqaro qo’shinlar mintaqa xavfsizligining asosiy kafolati ekanligini yaxshi biladi. Ehtimol, mo’tadil toliblarni topish, ularni muzokara stoliga o’tqizish ilinji bordir, men shaxsan bunday imkoniyatga shubha bilan qarayman”, - deydi Serenko.
Afg'oniston bo'yicha anjuman Toshkentda 26-27 mart kunlari o'tadi. Prezident Donald Tramp bu konferensiyani qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Unda AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Tomas Shennon boshchiligidagi delegatsiya qatnashishi kutilmoqda.
Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Turkiya kabi davlatlardan esa tashqi ishlar vazirlari qatnashadi. Afg’oniston va O’zbekiston prezidentlari anjuman ishtirokchilariga murojaat qilishadi.