Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 17-iyulda mamlakatning transport va yoʻllar vaziri Janat Beyshenov bilan onlayn yigʻin oʻtkazib, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilish masalasi boʻyicha fikr bildirdi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, prezident Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli Qirgʻiziston uchun havodek zarur ekanini taʼkidlagan.
“Bizda dengizga chiquvchi yoʻl yoʻq, pandemiya sharoitida biz har tarafdan “yopilib” qoldik. Chegaralar yopildi, iqtisodgagina emas, oziq-ovqat xavfsizligiga ham xavf tugʻildi. Aholini birinchi navbatdagi oziq-ovqat bilan taʼminlash masalasi xavf ostida qoldi. Shu sababdan mamlakatning tranzit potensialini orttirish juda muhim, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli bizga havodek kerak”, - deb aytgan Jeenbekov.
Bundan bir kun avval, 16-iyulda esa Markaziy Osiyo-Xitoy birinchi vazirlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Xitoy tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbir videokonferensiya shaklida oʻtgan. Unga Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning tashqi ishlar vazirlari qatnashgan. Bu haqda Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati bildirdi. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ham bu haqdagi maʼlumotni oʻz saytida eʼlon qilgan.
Maʼlumotda yozilishicha, videokonferensiyada Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov pandemiya sharoitida Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlini qurish boʻyicha loyihani amalga oshirish zarurati yuzaga kelganini taʼkidlagan.
Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida bildirilishicha, Aydarbekovning temir yoʻl loyihasi haqida fikri Xitoy va Oʻzbekiston tomonidan qoʻllab-quvvatlangan.
Qirgʻizistonning aksariyat amaldorlari mazkur temir yoʻl loyihasining amalga oshishi mamlakat byudjetiga tranzit hisobidan mablagʻ olib kelishini, Qirgʻizistonda ishlab chiqarilgan meva-sabzavotlarni Yevropaga eksport qilish imkoniyatini beradi deb hisoblaydi.
Iqtisodiy tahlilchi Mirlan Ubaydillayev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishining foydasi bilan birga zarari ham yetishi mumkinligini hisobga olish zarur.
“Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishining bir necha manfaatli va ayni vaqtda bir qancha zarari tegish ehtimoli bor. Foydali tomoni haqida aytsam, mazkur temir yoʻli quriladigan boʻlsa, birinchidan temir yoʻli oʻtgan hududlarda infrastruktura rivojlanadi. Shu bilan birga shu atrofda kichik biznes oʻsadi. Nazariy jihatdan olganda bu qurilish mahsulot eksportini yoʻlga solishi ham mumkin. Ammo boshqa tomondan Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilsa Xitoy Qirgʻizistonning eksport qilish imkoniyatlarini yoʻq qiladi. Ikkinchidan, Afrika qitʼasidagi 54 mamlakatning oʻttiz toʻqqizi bugungi kunda Xitoyga qarz. Xitoyning iqtisodiy vassaliga aylanib qoldi. Bunday xavfni ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak. Shuning uchun bu temir yoʻlning foyda-ziyonini mutaxassislar yaxshilab tahlil qilib, keyingina qurishga berish kerak. Qurishga berish kerak deganim, bugungi kunda bu loyihaning faqat xaritasi bor, ammo qanchalik darajada amalga oshishini vaqt koʻrsatadi”, - deydi Ubaydillayev.
Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi 1990-yillardan beri muhokama qilib kelinadi, lekin shu kungacha amalga oshmay qolmoqda.
Qirgʻizistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atambayev hokimiyatga kelgandan keyin bu loyiha oʻrniga Tojikiston-Qirgʻiziston-Qozogʻiston-Rossiya temir yoʻlini qurish tashabbusini ilgari surgan. Ammo hech bir tarafdan qoʻllanmagach, Qirgʻiziston hukumati qayta Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishiga moyilligini bildirgan.
2019-yilning noyabr oyida Prezident Jeenbekov Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanganini, uni tayyorlash uchun Rossiya 200 million rubl ajratganini bildirgan. Jeenbekov fikricha loyihani amalga oshirishda Rossiya ham ishtirok etishi lozim.
Mazkur yoʻlni qurish hududning tranzit imkoniyatlarini yaxshilab, Yevropa va Osiyoni bogʻlaydi, deydi u.
Tahlilchi Aydanbek Akmatov ham Xitoy-Qiriziston-Oʻzbekiston temir yoʻli eng yirik iqtisodiy loyihalardan boʻlib, Xitoy uchun Yevropaga chiquvchi eng qisqa muqobil yoʻl boʻlib qoladi degan fikrda. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, temir yoʻli loyihasi Qirgʻiziston uchun bir qancha qulayliklarni paydo qiladi:
“Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining ochilishi Qirgʻiziston uchun koʻp foydasi bor. Agar kim unga qarshi chiqayotgan boʻlsa, u Rossiya, Qozogʻiston, Amerikaning manfaatini koʻzlaganlar boʻlishi mumkin. Amerika Xitoyga qarshi ishlamoqda. Bu barchaga maʼlum. Shu sababdan Amerika Xitoyning har qanday loyihasiga qarshi. Rossiya esa Markaziy Osiyoni oʻz qoʻlidan chiqarib yuborishni istamaydi. Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli ochiladigan boʻlsa, biz tranzit mamlakati boʻlish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Faqatgina soʻzlashuvlar vaqtida Qirgʻizistonning milliy manfaatlarga, milliy xavfsizlikka ziyon yetkazmaydigan shaklda kelishib olish kerak. Shu bilan birga, bu yoʻlning biz uchun muhim ahamiyati bor, bu orqali biz Qirgʻizistonning shimoli bilan janubini temir yoʻl orqali bogʻlab olish imkoniyatiga ega boʻlamiz”.
Tahlilchi Kayrat Itibayev esa “Amerika Ovozi”ga Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy-iqtisodiy masala ekanini unutmaslik kerak degan fikrini bildirdi:
“Qirgʻizistonda 30 yildan beri bir kilometr ham temir yoʻli qurilmagan. Solishtirsak, Qozogʻistonda 2,500 km temir yoʻl qurildi, Oʻzbekiston ham oʻz kuchi bilan zamonaviy temir yoʻl qurdi. Bizda esa bunday resurs yoʻq. Bu ichki boʻshliqni belgisi. Qirgʻizistonda har yili bosh vazir, hukumat almashadi. “Qirgʻiz temir yoʻllari” davlatga qarashli ishxona boʻlib, ularning qudrati yoʻq. Sovet Ittifoqidan merosga qolgan Rossiyadan kelib, Qozogʻistondan oʻtib, Qirgʻizistonning Alamuddin stansiyasiga kelib toʻxtovchi yuk tashuvchi temir yoʻlimiz bor, undan nari Baliqchiga qadar. Boshqalar bilan teng soʻzlashuvlar olib borish uchun bizda yetarli resurs yoʻq. Masalan, temir yoʻl masalasida Qozogʻistondan 15 yil ortda qolganmiz. Men iqtisodchi qatori tushunaman, bu iqtisodiy jihatdan Qirgʻiziston uchun aslida foydali loyiha. Jahon logistika zanjiriga qatnashsak yaxshi boʻlar edi, ammo Qirgʻizistonning buning uchun kredit olib temir yoʻlni qurdirishi biz uchun juda xavfli. Hozirgi kunda tashqi qarzimizning (4 milliard 72 million dollar) 45 foizi Xitoyga tegishli boʻlsa, buning ustiga undan ikki yarim barobar koʻp kredit jalb qilishimiz koʻplab savollarni paydo qiladi”.
“Qirgʻiz temir yoʻli” muassasasining saytida 18-iyunda Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻlining qurilishi boʻyicha loyiha bir oydan keyin boshlanishi haqida rasmiy xabar chiqqan. Unda ishxonaning bosh direktori Vasiliy Dashkovning loyiha uchun umumiy 4,5 milliard dollar ketishi, uni moliyalash uchun esa Rossiya hamda Oʻzbekiston qoʻllov koʻrsatishini bildirgan. Ammo ertasiga bu maʼlumot saytdan oʻchirilib, maʼlumot notoʻgʻri ekani xabar qilingan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, qurilishning boshlanish muddati hali aniq emas.
Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston temir yoʻli loyihasi Qirgʻiziston prezidentiga koʻra havodek zarur loyiha, ammo ayrim tahlilchilar loyihaning Qirgʻizistonni Xitoyga siyosiy va iqtisodiy tomondan qaram qilish ehtimoli haqida ogohlantirib keladi.