Chorak asrdan oshibdiki, Markaziy Osiyo davlatlarida radikalizm va diniy ekstremizm yangidan-yangi ko’rinish olib, dunyoviy davlatdorlikka jiddiy xavf sifatida ko’rilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, muammo jamiyatda ideologiyaning yo’qligida, mafkuraviy bo’shliqning mavjudligida. Uni bartaraf etish uchun targ’ibot, tashviqot va tushuntirish ishlari fuqarolarning ona tilida olib borilishi lozim.
Your browser doesn’t support HTML5
1990-yillardan so’ng Markaziy Osiyoda diniy radikalizm va ekstremistik g’oyalarga asoslangan harakatlar avj oldi. Bunday tashkilotlarning faoliyati aksariyat davlatlarda qonun yoki Oliy sud hukmi bilan taqiqlandi. Shunga qaramay mahalliy aholi orasida bu diniy oqimlarga a’zo bo’layotganlar ko’p.
Qolaversa, diniy oqimlarga a’zo bo’lganlarni panjara ortiga yuborish muammoni bartaraf etmaydi - balki aksincha. Tojikistonda oxirgi yarim yil ichida ekstremizm va terrorchilikda ayblanib qamalgan mahbuslar qamoqxonalarda ikki marta isyon ko’tardi. Kuzatuvchilar Tojikiston hukumatini turmalarda radikallashuv me’yoridan ortib ketgani haqida ogohlantirmoqda.
Har qanday terrorizm yoki boshqa-boshqa oqimlar ruhiyatni, ma’naviyatni sustligi, imon sustligi orqali kirib keladi.
Yaqin Sharqda "Islomiy davlat" guruhi xalifalik e'lon qilgach, Markaziy Osiyo davlatlarining har biridan minglab odamlar, hatto oilasi bilan bu terroristik guruh safiga borib qo’shildi. Ayni paytda bu guruh ustidan g'alaba qilingach, jangchilarning xotin va farzandlari vataniga qaytarilmoqda.
Birinchilardan bo’lib Qozog’iston va Tojikiston Suriya va Iroqdagi vatandoshlarni olib keldi. Ammo jamiyatda ularni qaytarish xavfli ekani to’g’risidagi gap-so’zlar ko’payib, jamoatchilik ikkiga bo’linmoqda. Shunga qaramay, O’zbekiston ham jang maydonidagi vatandosh ayol va bolalarni qaytarishga qaror qildi. Qirg’izstonda bu masala o’rganilmoqda. Iroq va Suriya jang maydonlarida beva qolgan ayol va yetim bolalar masalasi Markaziy Osiyoda davlat va jamiyat uchun jiddiy muammo bo’ldi.
Radikalizmning oldini olish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda Qozog’iston o’ziga xos tajribaga ega. Dinshunos olim, "Shanirak" diniy masalalar bo’yicha maslahat markazi rahbari Mirxat Madiyarovning aytishicha, hamma muammo jamiyatda ideologiyaning yo’qligida.
Agar jamiyat o’z g’oyasi bilan to’la bo’lsa, unga boshqa g’oyaning kirib kelishi juda qiyin. Agar bo’sh bo’lsa, darrov kirib keladi. Biz ko’rayotgan narsamiz ideologlarning yetishmasligi.
"Agar jamiyat o’z ideologiyasi bilan to’la bo’lsa, bu muammo xatarli emas. Biz Markaziy Osiyo, Qozog’istonda bugun ko’rayotgan holimiz - bu inqiroz. Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng ideologiya yo’qoldi. Hamma ketdi, maktabdan direktor, o’qituvchi, bog’chadan tarbiyachi va boshqalar. Sovet Ittifoqi paytidagi ideologiyaning o’rni birdaniga bo’sh qoldi. Agar jamiyat o’z g’oyasi bilan to’la bo’lsa, unga boshqa g’oyaning kirib kelishi juda qiyin. Agar bo’sh bo’lsa, darrov kirib keladi. Biz ko’rayotgan narsamiz ideologlarning yetishmasligi. Mafkura bo’sh qoldi. Bunday holatda tashqi xavflar oson ta’sir o’tkaza oladi. Ayni holatda tashqi ta’sir bu axbort urushlari. Agar bizning ideologiya to’la bo’lganida edi, bu xavf-xatarlar bizni chetlab o’tar edi. Ya’ni u jamiyatga kira olmas edi. Masalan, Turkiya davlati. U yerda, garchi Suriya va Iroq davlatlariga bizdan ko’ra yaqinroq joylashgan bo’lsa ham, muammo biznikichalik xavf solmadi", - deydi u.
Tojikistondagi O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupovning aytishicha, fuqarolarning ekstremistik va terroristik guruhlarga qo’shilib ketishini oldini olishga qaratilgan barcha targ’ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari ularning ona tilida olib borilishi lozim.
Boshqa til bilan, "terrorizm bu yomon narsa", degan gaplarning o’zi bilan hech qanday samara bo’lmaydi.
"Tojikistonda ekstremizm, terrorizm bilan kurash masalasida hukumat baholi qudrat ish qilyapti. Lekin ular hech qanday samara bermayapti. Har qanday terrorizm yoki boshqa-boshqa oqimlar ruhiyatni, ma’naviyatni sustligi, imon sustligi orqali kirib keladi. Aynan ma’naviyat, ruhiyat har xil guruhlarga yo’naltiradi. Chunki u oqimlar shu ruhiyatini o’g’irlaydi. Ana shu ruhiyatni saqlab qolish uchun ma’naviyat kerak. Bugungi kunda sir emaski, Tojikistondan ham "IShID"ga kirib ketayotganlar, boshqa oqimlarga kirib ketayotganlar orasida ko’plap o’zbeklar bor, ana shu o’zbeklar ichida tushuntirish va boshqa ishlarni olib borish lozim. Yo’ldan adashganlarni to’g’ri yo’lga solish yoki adashmaslik uchun nima ishlar qilish kerak? Tojikistonda o’zbeklar orasida bunday ishlarning yo’lga qo’yilishi sust. Aytishimiz kerakki, davlat tilini o’rganyapti. Lekin tushuntira olish, tushuntirib berish imkoniyatining sustligini ko’rish mumkin. Din odam qalbiga kirib bora oladi. Ammo uning antivirusi ona tili bilan kirib borishi lozim. Boshqa til bilan, "terrorizm bu yomon narsa", degan gaplarning o’zi bilan hech qanday samara bo’lmaydi. Lekin uning qalbini uyg’ota olish kerak. Bu adabiyot uyg’ota oladi, til uyg’ota oladi, ma’naviyat uyg’ota oladi", - deydi Yusupov.