Markaziy Osiyo ulamolari hamda dinshunos olimlari yaqinda Bishkekda o'tgan anjumanda yagona mintaqaviy diniy kengash tuzdi. Uning yordamida ular ekstremist kuchlarga qarshi ma'naviy targ'ibot, ta'lim-tarbiya orqali kurashni kuchaytirish niyatida. Kengashda jahondagi o'zgarishlarga mos diniy hayot bilan bog’liq dolzarb masalalar muhokama qilinishi, taklif, tavsiya va fatvolar chiqarilishi, yagona strategiya ishlab chiqilishi ko’zda tutilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Bu g'oya Bishkekdagi nodavlat tashkilotlardan biri tomonidan ko’tarilgan edi. Islomshunos Qodir Malikovning aytishicha, dolzarb masalalar va mavjud tahdidlar islom dini arboblarini tig’iz hamkorlikka chorlaydi.
Jalol-Obod shahridagi Islom ta’lim markazi, jamoatchilik uyushmasi, rahbari Dilmurod O’rozovga ko'ra, har qanday muammoni hal etish uchun hamjihatlik kerak.
“Suriya va Iroqdagi mojarolar, o’zini "Islomiy davlat" deyayotgan guruh ishlari, janglarga markaziy osiyolik yoshlar qatnashayotgani, ularning taqdiri ko'pchilikni tashvishga soladi. Qirg’izistonda mavjud liberal qonunlardan foydalanib, salafiylik kabi noan’anaviy oqimlar mahalliy yoshlar orasida ildiz otayotgani ham sir emas”, - deydi Dilmurod O’rozov.
Sunbatdosh fikricha, mintaqa ulamolarining bir hamjamiyat atrofida birlashishi - zamon talabi. Bunday zaruriyatni dindorlar ham, davlat arboblari ham his qilib turibdi.
“Markaziy Osiyo davlatlari aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat bo’lgan holda, o’zaro muomala uzilib qolgan, bordi-keldi yo’q hisob. Munosabatlarni tiklash darkor”, - deydi Dilmurod hoji.
O’shdagi Xalqaro islom hamkorligi markazi nodavlat tashkiloti boshlig’i shayx Sodiqjon Kamolovning ta’kidlashicha, ulamolarning yagona tashkiloti orqali ham dunyodagi voqea-jarayonlarga munosabat bildirish, ham mintaqa musulmonlarining turli masalalardagi ehtiyojiga umumlashgan javob berish imkoni bo’ladi.
Qo’shni respublikalarda (garchand qo’shni tomon ikki qadam narida joylashgan bo’lsa-da) Ramazon oyi boshlanishi yoki hayit sanalari ba'zan bir-biriga to’gri kelmaydi. Diniy idoralarning ayrim masalalarni turli talqin qilishi ham musulmonlar orasida tushunmovchiliklarga sabab bo'ladi.
“Biz, ulamolar, birlashma tuzar ekanmiz, o’zimizning hamjihat bo’la bilishligimizni ko’rsatsak, shoyadki, shundan mintaqa musulmonlari o’rnak olsalar. Diniy hayotimizda ham, madaniy, siyosiy hayotimizda ham yakdillik, ahillik, ittifoqlik hukm sursa”, - deydi shayx Sodiqjon Kamolov.
Bishkekdagi anjuman ishtirokchilariga ko’ra, tuzilayotgan tashkilot siyosatdan holi bo’ladi. Ayni paytda ulamolar va islomshunos olimlar o'z ovozlari siyosatchilar, davlat arboblariga ham yetib borishiga umid qilishadi
Navbatdagi anjuman yana Bishkekda, keyingisi Olma-Otada o’tkazilishi rejalangan. +