Turkmaniston va Eron chegarasida Markaziy Osiyoni Fors ko’rfazi davlatlari bilan bog’lovchi temir yo’l tarmog’ining rasman ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Eron, Qozog’iston va Turkmaniston prezidentlari ishtirok etdi.
G’arbiy Qozog’istondan boshlanuvchi 928 kilometrli temiryo’l Eron shimolidagi Gorgan shahrigacha boradi. U Osiyo va Yaqin Sharq o’rtasida yuk tashishga sarflanadigan vaqtni qisqartirishi kutilyapti.
Tarmoq yiliga 10 million tonna yuk tashish quvvatiga ega. 2020-yilgacha bu miqdor 20 million tonnagacha o’sishi mumkin. Temiryo’l orqali yo’lovchilarni tashish ham mo'ljallangan.
Ochilish marosimida qatnashgan Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy temir yo’l tarmog’ining ochilishini mintaqa uchun tarixiy hodisa deya atadi.
Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev tarmoqning mintaqa davlatlari o’rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishini ta’kidladi.