Breaking News

Markaziy Osiyodagi yangi relslar nega O’zbekistonni chetlab o’tayapti?


Qozog’iston va Turkmanistonni bog’lovchi yangi temir yo’l Yevrosiyo iqtisodiyoti uchun muhim yo’nalish sifatida taqdim etilmoqda. Avvalroq Ashgabatda Afg’oniston, Turkmaniston va Tojikiston prezidentlari bu mamlakatlarni bevosita ulaydigan relslar haqida bitim imzolagan edi.

Mintaqa transport infratuzilmasi bilan bog’liq so’nggi loyihalar O’zbekistonni chetlab o’tayotgan halqa shakllanayotganini ko’rsatmoqda.

Markaziy Osiyoning yangi temir yo'l loyihalari/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00
Yuklab oling

Qozog’iston va Turkmanistonning katta hududi O’zbekiston bilan chegaradosh. Ikki davlatning o’zaro chegarasi Kaspiy bo’yidagi kichik hududda tutashadi.

Yangi temir yo’l shu yerdan, O’zbekistonning shmoliy sarhadi yaqinidan o’tib, Qozog’iston va Turkmanistonni bog’laydi. Qozoq matbuotida Yevrosiyoning istiqbolli loyihasi sifatida taqdim etilgan bu yo’l bir tomondan Turkmanistonni Qozog’iston orqali Rossiya va Xitoy bilan tutashtirishni, boshqa tomondan, Qozog’iston va Turkmanistonni Eron orqali Fors ko’rfaziga chiqarishni rejalaydi.

2007-yilda qurila boshlangan bu yo’lning Erondagi 80 kilometrlik qismi hali bitmagan.

Temir yo’l ochilishi Qozog’iston va Turkmaniston prezidentlari ishtirokida o’tdi. Nursulton Nazarboyev so’zlariga ko’ra, tarixiy ahamiyatga ega bu yo’l masofa va vaqt tejashi bilan farqli. Istiqbolda mintaqa iqtisodini dunyo bozori bilan bog’lovchi yo’nalishga aylanadi.

“Mintaqa temiryo’llarini Yaqish Sharq bilan bog’lash g’oyasi anchadan buyon muhokama qilib kelingan edi. O’tgan yillar esa bu loyihaga bo’lgan talabning yanada o’sganini ko’rsatdi. Osiyo iqtisodiyoyi jadal o’sayotgani bir paytda bu g'oya yanada ahamiyatli”, - dedi Nazarboev taqdimot marosimida.

Bungacha bo’lgan muqobil yo’nalish mintaqadagi mavjud imkoniyatlarga ko’ra faqat O’zbekiston orqali o’tishi mumkin edi. Mintaqa logistikasida har bir mamlakat bilan cheradosh bo’lgan O’zbekiston o’rni juda muhim. Transport yo’laklarini kengaytirish harakati ortidan O’zbekistonning muqobilsiz ko’rilgan bu o’rni bir qadar susaya boshlagan.

Mart oyida Ashgabatda Afg’oniston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari mintaqadagi yana bir temir yo’l loyihasi yuzasidan bitim imzolagan edi.
Bu yo’nalish regionning ikki davlati - Turkmaniston va Tojikistonni Afg’oniston orqali ulaydi. Faqat O’zbekiston orqali transport aloqalarini rivojlantirishga majbur Tojikiston uchun bu yaxshi imkoniyat.

Ayni paytda Qirg’iziston hukumati mamlakat shimoli va janubini bog’lovchi relslar ustida ishlamoqda. Kollektiv Xavfsizlish Shartnmasi Tashkilotining Bishkekda kutilayotgan sammitida moliya ham muhokamaga chiqishi aytilmoqda.

Qirg’iziston prezidenti so’zlariga ko’ra, Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston va Rossiyani tutashtiradigan bu yo’l ahamiyatli.

O’zbekiston ishtirokida ham mintaqani Afg’oniston va Eron orqali dengiz portlariga chiqaruvchi yana bir yo’l loyihasi mavjud. Termizdan Mozori Sharifga tortilgan yo’lning davomi sifatida ko’rilayotgan bu proyekt Afg’onistonni mintaqa bilan, boshqa tomondan Markaziy Osiyoni Afg’oniston orqali Erondagi dengiz portlari bilan tutashtirishi kerak. Aytish joiz, hozir Markaziy Osiyoning dunyo bozoriga chiqish imkoniyati asosan Rossiya transport tuzilmasiga bog’liq.

Markaziy Osiyodagi so’nggi loyihalar geografiyasiga qaralsa, mintaqa markazida joylashgan O’zbekiston yoqalab temir yo’l halqasi shakllanayotgani ko’rinadi. Holbuki, barcha bilan chegardosh O’zbekiston avval o’zining geografiyasini ayrim davlatlarga bosim vositasi sifatida qo’llab kelayotgan edi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG