1986-yil 26-aprel, erta tongda Chernobil atom elektr stansiyasining 4-reaktori portladi. AES atrofida yashagan 116 ming odam evakuatsiya qilindi, yana 220 ming odam keyingi yillarda hududni tark etishga majbur bo’ldi, chunki radiatsiya havo va tuproqni zaharlab, ta’sir radiusi kengayayotgan edi. Mana 30 yildirki, Chernobildan ko’chirilgan odamlar o’sha dahshatli kunlarni eslaydi.
Aleksandr Gruzevich hozir 58 yoshda. Ota-onasi bilan shaharning Leningradskaya ko’chasida yashagan.
“Yoshligimda onam o’choqda olov yoqardi. Qishda, kun soviganida o’choq atrofida isinardik”, - deydi u ko’zida yosh bilan. "Hozir esa hovli chakalakzorga aylangan, uy tomi tushay deb turipti, pollar chirigan. Imorat yana bir-ikki yilda qulasa kerak", - deydi Gruzevich.
Fojia kuni 28 yoshda bo’lgan Gruzevich chekish uchun tashqariga chiqadi. “Yorug’ nurga o’xshagan bir narsani ko’rdim, xuddi oftob ko’tarilayotgandek, qondek qizil edi. G’alati-a, quyosh nima qilsin, hali ertaku, deb o’ylaganim yodimda. Ertasiga bizga hech kim hech narsa demadi”.
U joydan 16 kilometr narida, atom stansiyasida fojia ko’lami oydinlashayotgan edi. Chernobildan aholini olib chiqish buyrug’i voqeadan 10 kun o’tib berildi. Gruzevich oila a’zolari va minglab boshqa odamlar bilan uylarini tark etishga majbur bo’ldi. Sovet Ittifoqi rahbariyati ularga bir necha haftadan keyin qaytasizlar, deb yolg’on va’dalar berdi. Ammo katta hudud halokatli va kuchli radiatsiya bilan zaharlangan edi.
Shamol esgan tarafda esa Pripyat shaharchasi joylashgan. Aksariyat aholisi - AES ishchilari, o’sha mudhish kunlarda balkonlarda turib alangani kuzatgan. Bugunda esa Pripyat o’lik shahar, binolar bo’sh, uylar vayronaga aylangan, ilgari asfalt bilan qoplangan yerda bugun begona o’t o’sib yotibdi, hovlilarda radiokativ oq qayinlar.
Tashlandiq maktab binosiga kirsangiz, Sovuq urush siymolaridan biri – bolalar uchun protivogazlarni ko’rasiz, pollarda axlat, devorlarda Sovet Ittifoqi yutuqlari maqtovlari yozilgan plakatlar. Lekin yangi hayot alomatlari ham bor. Bir necha yuz nafar keksa bu hududga qaytib keldi. Radiatsiyaga qaramay, polizda o’z meva-sabzavotlarini yetishtiradi.
Stansiya Ukrainaning elektr quvvatiga ehtiyojini qoplab kelgan. 4-reaktor ishdan chiqqach, qolgan reaktorlar yana bir necha yil ishlab turdi. 2-reaktor 1991-yilda, 1-reaktor 1996-yilda, 3-reaktor esa 2000-yilda to'xtatildi. O'tgan yili esa zavodni yopish jarayoni boshlandi. Uni ekspluatatsiyadan chiqarishga o'n yillarcha vaqt ketishi mumkin.
Zavodni yopish ishlari bilan qariyb 3000 odam shug'ullanmoqda. Xavfli zonada ikki haftadan ortiq turish mumkin emas.
Haftada bir marta Aleksandr Gruzevich Kiyevdan Chernobildagi eski uyi yaqinida joylashgan kasalxonaga borib ishlaydi.
“Onam otamga “qaytaylik, qaytaylik” deyaverardi. Lekin ular qaytib bormadi. Fojiadan bir oy o’tib otam bilan uyimizni ko’rishga bordik. Derazalar singan, eshiklar ochiq, hamma narsamizni o’g’irlab ketishgan ekan. Hech narsa qolmagan”.
Olimlarga ko’ra, bu hududda radiatsiya darajasi kelasi 20 ming yil davomida inson uchun zararliligicha qoladi. Ammo ayrimlar uchun Chernobil - ona shahar, u yerga qaytishni istaganlar radiatsiyadan ham cho’chimaydigan ko’rinadi.