AQSh va G’arb mamlakatlari Afg’onistondan qo’shinlari va diplomatlarini chiqarar ekan, Xitoy Tolibonni tahdid sifatida ko’rgisi yo’q. Iyul oxirida Xitoy tashqi ishlar vaziri Tyanzin shahrida Tolibon delegatsiyasini qabul qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“O’sha uchrashuvdan bir hafta oldin esa Prezident Si Zinpin Ashraf G’aniga qo’ng’iroq qilib, Afg’oniston hukumatini qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan”, - deydi Singapurdagi Rajaratnam Xalqaro izlanishlar maktabidan Rafaello Pantuchchi.
Markaziy Osiyo bo’yicha ayrim tahlilchilar Tolibonning tezkor harbiy g’alabalarini Xitoy omili bilan bog’lamoqda.
“Afg’on xavfsizlik kuchlari Tolibonni Xitoy, Rossiya, Pokiston va Eron qo’llab-quvvatlayotganini ko’rib, jangovar ruhi tushib ketgan. Mintaqadagi yirik davlatlardan faqat Hindiston toliblar tomonida bo’lmadi”, - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Set Jouns.
Ayrim tahlilchilarning aytishicha, Xitoy Afg’onistonning mineral qazilmalari va joylashuviga qiziqmoqda. Sarmoya va infratuzilma loyihalari orqali Yevropaga siyosiy va iqtisodiy ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan Pekin faolligi bilan yuritilayotgan “Kamar va yo’l” tashabbusining Afg’onistonga ham aloqasi bor, deydi ular.
AQShning ketishi natijasida Afg’onistonda hosil bo’lgan bo’shliq Xitoy uchun yaxshi bir imkoniyat bo’lsa-da, ba’zi ekspertlar Xitoy qadamini ehtiyotkorlik bilan bosadi degan fikrda.
“Xitoy Afg’onistonni hali ham imperiyalar mozori sifatida ko’radi. Shu sabab qattiq berilib ketgisi, afg’on siyosatiga tortilgisi yo’q. Uni qopqon deb o’ylashadi”, - deydi Germaniyaning Marshal jamg’armasidan Endryu Smol.
Xitoyning eng katta xavotiri beqarorlik.
“Pekin Afg’onistondagi tahdidlarning yon atrofi va o’ziga yoyilishini istamaydi. Axir bu hududlarda, jumladan Markaziy Osiyo va Pokistonda Xitoyning yirik iqtisodiy, siyosiy va strategik manfaatlari bor”, - deydi tahlilchi.
Xitoy sarmoyalari va transport yo’llari Pokiston orqali o’tarkan, bu ikki mamlakat barqarorlik tarafdori. Xitoy va Afg’oniston chegaradosh davlatlar bo’lib, 90 kilometrlik chegaraga ega.
Pekin yaqingacha Afg’onistondagi vaziyatdan AQShni tanqid qilish uchun foydalanib keldi.
“Amerika harbiylari beqarorlik va tarqoqlik urug’larini sochib, oilalarni xonavayron qilib, bolalarni yetim qoldirib ketyapti”, - deydi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xua Chunyin.
Afg’onistondagi hozirgi vaziyat Xitoyga qo’l kelayotgan bo’lsa-da, voqelik ancha boshqachadir.
“Xitoy Afg’onistonning uyg’ur jangarilari yoki dissidentlari Xitoyga qarshi faoliyatini erkin olib boradigan joyga aylanishidan xavotirda”, - deydi Pantuchchi.
Ayrim tahlilchilar nazarida, Tolibon uyg’urlar masalasiga aralashmaydi. Birinchidan, bu harakatga qimmatga tushadi, ikkinchidan esa bunga diniy sabab bor, deydi ular.
“Islom dinining roliga munosabat va dinni talqin qilishda Tolibon va uyg’urlarning qarashlari bir-biridan keskin farq qiladi”, - deydi Loxur Menejment fanlari universitetidan Hasan Qaror.