Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurash avjida

  • Amerika Ovozi
Xitoyning yangi rahbariyati aholi noroziligiga sabab bo’lgan korrupsiyaga qarshi kurashni boshlab yubordi. Bunga bor misol: Kommunistik partiya yetakchisi Si Tzinpin yaqinda Shenzhen viloyatiga tashrifi chog’ida qizil gilamlaru ziyofatlardan voz kechishga undadi.

Yillar davomida Xitoy rahbarlari korrupsiyaning Kommunistik partiya faoliyati va bir milliarddan ziyod aholi uchun tahdidi haqida gapirib keldi. Si Tzinpin partiya yetakchisi etib tayinlanganidan buyon rasmiylar muammoga qarshi kurashni jadallashtirgan ko’rinadi.

Ren Dzianmin Pekindagi Tsingua universitetining korrupsiya va hokimiyatni o’rganuvchi tadqiqotlar markazi direktori. Uning fikricha, yangi rahbariyat korrupsiya xafvi va salbiy ta’sirini yaxshi tushunadi, muammoga qarshi kurashni tez boshlash kerak deb hisoblaydi.

“Si Tzinpinning “agar korrupsiya davom etsa, partiya va butun millat tugadi deyavering” degan so’zlarini bir eslang-a”, - deydi tahlilchi.

So’nggi haftalarda Xitoyda qator mansabdor shaxslarning ishdan olingani, ko’plarga qarshi jinoiy ish qo’zg’atilgani haqida xabarlar paydo bo’ldi. Ular birinchi bo’lib ijtimoiy veb sahifalar orqali tarqalib, odamlar rasmiylarni keskin tanqid qildi. Hukumat esa jamoa fikrini yaqindan kuzatayotgan ko’rinadi.

Shinxua axborot agentligi xabariga ko’ra, Sichuan viloyatining bir yuqori lavozimli rasmiysi yaqinda ishdan bo’shatildi. Bundan bir oy oldin u Kommunistik partiya markaziy qo’mitasi a’zosi etib tayinlangan edi.

Ayrim siyosiy tahlilchilar fikricha, rasmiy doiralardagi poraxo’rlik va mansabni suiiste’mol qilish hollarini ommabop ijtimoiy veb-saytlar orqali yoritish Xitoy jamiyati uchun ijobiy o’zgarish.

Lekin internetning o’zi korrupsiyaga qarshi kurashda yetarli emas, deydi Pekin texnologiya instituti professori Xu Sindou.

“Zamonaviy aksil-korrupsion tizim barpo etish lozim. U barcha uchun ochiq va oshkor bo’lsin. Rasmiylarning qancha va qanday boylikka egaligini hamma bilsin. Bunday tizim hukumatdan mustaqil bo’lishi kerak”.

Hozirgi tizimga ko’ra, poraxo’rlik va mansab suiiste’moli haqidagi ma’lumotlarni maxsus markaziy komissiya tekshiradi. Biroq taftish boshlash uchun u hukumatdan ruxsat olishi kerak.

Gonkongdagi Xitoy universiteti professori Flora Sapio fikricha, korrupsiyani o’rganish uchun mustaqil tashkilot tuzish lozim.

“Ish yuzasidan dalil to’plash, hibsga olish, tergov o’tkazishda mavjud qoidalar shundayki, ularni u yoki bu siyosiy guruh yohud arbob manfaatlaridan kelib chiqqan holda o’zgartirish mumkin,” - deydi olima.

Hukumat rasmiylari aksil-korrupsiya choralari haqida bong urar ekan, bu choralar haqiqiy islohotlar o’tkazishga qaratilganmi yoki yangi rahbariyatga ma’qul kelmagan siyosatchilarni yo’q qilishgami, hozircha aniq emas.