Shinjonning Qashqar shahrida Xitoy siyosatini qo’llab-quvvatlovchi 74 yashar imom masjid yonida pichoqlab ketilgan. Mahalliy rasmiylarga ko’ra, Juma Tohir ismli bu odam Xitoy parlamentining a’zosi edi. U mintaqada bo’lginchilik faoliyatiga qarshi tez-tez fikr bildirar edi.
Inson huquqlari tashkilotlari, shuningdek, Xitoy hukumatini yanvar oyida hibsga olingan uyg’ur professori Ilhom To'xtini ozod etishga chaqirmoqda.
Pekin universitetida iqtisodiyotdan dars bergan 44 yoshli olim bo’lginchilikda ayblanmoqda. Ilhom To'xti mamlakatda uyg’urlarga qarshi kamsitishlarni doim tanqid qilib kelgan.
Hibsga olinishdan keyin mahalliy matbuot uni Shinjonda terror faoliyatiga bosh ekanini da’vo qilib keladi. Biroq xorijiy matbuotga bergan intervyulari va sharhlarida professor Tohti hech qachon separatizmga da’vat etmagan.
“Human Rights Watch” tashkiloti bayonotida aytilishicha, olimning jinoyatga qo’l urgani yoki zo’ravonlikka da’vat etgani haqida birorta dalil yo’q. Guruh uning o’limga mahkum etilishidan xavotirda.
Uyg’ur Amerika uyushmasi uning ishi sudda adolatli ko’rilmasligi haqida ogohlantirmoqda.
AQSh Davlat departamenti ham Xitoydan Ilhom To'xtini ozod etishni so’ramoqda. Departament matbuot kotibiga ko’ra, yanvar oyida professor bilan uning kamida olti talabasi ham hibsga olingan edi.
"Ularning ahvolidan bexabarmiz", - deydi Meri Xarf.
Hibsga olinishidan keyin besh oy davomida To'xtining advokati unga yaqinlashtirilmadi. 10 kuncha esa unga taom berilmagani ham ma’lum bo’ldi.
Uyg’ur faollari hukumat ularni kamsitayotganini aytsa, Pekin bu da’volarni inkor etib keladi va imom Juma bu borada hukumat bilan hamfikr bo’lgan.