Xitoy delegatsiyasi Moskvada. Ekspertlar deydiki, G'arb sanksiyalaridan aziyat chekayotgan Rossiya uchun Pekin bilan yaqin hamkorlik suv va havodek zarur.
Xitoy Bosh vaziri Li Ketsyanning Moskvaga tashrifi davomida Xitoy va Rossiya o'rtasida turli sohalarni o'z ichiga oluvchi 40 dan ortiq bitimlar imzolandi. Kelishuvlarning aksariyati energiya, moliya va texnologiya yo'nalishlariga taalluqli bo'lib, shuningdek, Xitoy banklarining Rossiyaga moliya kiritishi hamda o'zaro valyuta ayriboshlash masalalari ham qamrab olingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi Xong Li bu haqda ma'lumot berdi.
Lining aytishicha, Xitoy va Rossiya munosabatlari o'zaro hurmat asosiga qurilgan bo'lib, uchinchi bir tomonga qarshi qaratilmagan. Moskva-Pekin hamkorligidan butun dunyo foyda ko'radi, dedi u.
Yangi kelishuvga ko'ra, Xitoy banklari Rossiya kompaniyalariga 4,5 milliard dollar miqdorida kredit beradi. Tomonlar kelasi uch yil davomida rubl va yuan o'rtasida 25 milliard dollardan ortiq miqdorda valyuta ayriboshlashga ham kelishib olgan. Dunyoning eng katta energiya zaxiralariga ega Rossiya, shuningdek, Xitoyga tabiiy gaz eksportini oshirishi kutilyapti. "Rosneft" Rossiya neft kompaniyasi hamda Xitoy Milliy neft kompaniyasi o'rtasida ham hamkorlikni kuchaytirishni ko'zda tutuvchi bitim imzolangan.
Renmin universiteti professori Ziao Chenning aytishicha, Xitoy bilan hamkorlikning G'arb bilan aloqalar yomonlashgan paytda kuchayayotgani Moskva uchun muhim ahamiyatga ega.
"Uchrashuv juda nozik bir vaqtga to'g'ri keldi. Rossiyaga qarshi G'arb davlatlari jazo choralarini kuchaytirgan paytning muhim ekaniga bir necha sabablar bor. Avvalo, ko'plab loyihalarda Xitoy Rossiyaga yordam beradigan bo'ldi. Xususan, tezyurar poyezd yo'llarini qurishda", - deydi tadqiqotchi.
Rossiya Ukrainaga tegishli Qrimni o'z hududiga qo'shib olgach, AQSh va Yevropa ittifoqi Kremlga qarshi bir qator iqtisodiy jazo choralarini joriy etdi. Xitoy esa G'arb chaqiriqlariga qo'shilmay, Rossiya bilan neft va gaz sohasida hamkorlikni kuchaytirish yo'lini tutdi, deydi Xalqaro munosabatlar bo'yicha Xitoy milliy assotsiatsiyasi rahbari Viktor Gao.
"Xitoy-Rossiya aloqalari juda muhim va muvaffaqiyatli munosabatlar asosiga qurilgan. Chunki har ikki tomon bir-birini hurmat qiladi va ko'plab sohalarda bir-birlarining manfaatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Ukraina inqirozi Xitoy-Rossiya aloqalarining yanada kuchayishiga xizmat qildi", - deydi u.
Gaoga ko'ra, G'arb Ukraina va Sharqiy Yevropada Rossiya ta'sirining oshayotganidan xavotirda bo'lsa, Moskva o'z navbatida Yevropa va AQSh harbiylarining mintaqaga kirib kelishidan bezovta.
"Rossiya bilan aloqalarga kelganda, Xitoy G'arbdan farqli qarashlarga ega. Xitoy uchun o'zaro hurmat va bir-birini teng ko'rish juda muhim. Ukraina inqirozini kuchaytirgan muhim omillardan biri NATOning Ukrainaga yaqinlashuvi bo'ldi. Rossiya buni o'ziga qarshi jiddiy tahdid sifatida qabul qildi. Shuning uchun Ukrainadagi vaziyat G'arb davlatlari butun dunyoga ko'rsatishga urinayotgan holatdan ancha murakkab", - deydi tadqiqotchi.
May oyida Rossiya va Xitoy 30 yilga mo'ljallangan 400 milliard dollarlik gaz loyihasini imzolagan edi. Rossiya Bosh vaziri so'zlariga ko'ra, ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmi ikki barobar oshib, 200 milliard dollarga yetishi kutilyapti.