Xitoyning Shinjon viloyatida taniqli uyg’ur professori, huquq faoli Ilhom To’xti ustidan sud ishi davom etmoqda. Unga terrorizmni targ’ib qilish va ayirmachilik aybi qo’yilgan. Iqtisodiyot professori Ilhom To’xti - uyg’ur, Xitoyning Shinjonda olib borayotgan siyosatini tanqid qilib tanilgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
To’xtining advokatlaridan biri Li Fangpinning aytishicha, uning mijozi qo’yilgan barcha ayblovlarni inkor etadi; chunki keltirilgan dalillar asossiz.
“Berilgan guvohliklarning aksariyati mantiqsiz, shuning uchun ularga nisbatan shubhamiz baland. Nega ayirmachi kuchlarning a’zolari va tashkilotchilari sudga alohida-alohida tortilmoqda? Xavfsizlik idorasi bir guruh bo’lib faoliyat yuritgan yetti ayirmachi ishini tekshirgan, lekin har biri uchun sud alohida o’tmoqda. Ilhom bundan qattiq norozi. Shu ma’noda, bu sudda hech qanday adolat yo’q”, - deydi advokat Fangpin.
Prokurorlarning da’vo qilishicha, To’xti “Uyg’ur Onlayn” saytini yaratib, u yerga qo’ygan ma’ruzalari orqali Shinjondagi Xitoy hukumatini ag’darishni niyat qilgan.
Yanvar oyida Ilhom To’xti hibsga olinishi ketidan uning yetti nafar talabasi ham qamoqqa tashlangan. Ayrimlari sudda professor To’xtiga qarshi ko’rsatma berishi kutilyapti.
Agar aybdor deb topilsa, To’xti umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
To’xti ustidan sud davom etayotgan bino politsiya tomonidan o’rab olingan. Jurnalistlar va G’arb diplomatlarining sudda ishtirok etishiga ruxsat berilmayapti.
Ilhom To’xti shu yilning yanvarida hibsga olinib, ma’ruzalari, maqolalari va xorij matbuotiga bergan suhbatlarida terrorizm va separatizmni targ’ib qilganlikda ayblanmoqda.
To’xtiga qarshi o’tayotgan sud Shinjon viloyatida zo’ravonlikni yo’q qilishga qaratilgan Xitoy siyosati kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Bir yil davomida xavfsizlik kuchlari va mahalliy uyg’urlar o’rtasida to’qnashuvlarda yuzlab odam halok bo’lgan.
Rasmiy Pekin zo’ravonliklarda Sharqiy Turkiston islomiy harakatiga mansub terrorchilarni ayblaydi. Guruh, hukumat da’vosiga ko’ra, mustaqil Sharqiy Turkiston davlatini qurish maqsadida tashkil etilgan.
Xitoy matbuotining xabar berishicha, shu hafta to’rt kishi portlovchi moddalarni yasash, terrorchi guruhlarga qo’shilish hamda gumondorlarni yashirish kabi ayblovlar bilan 20 yilgacha qamoq jazolariga hukm qilingan.
Xorijdagi uyg’ur faollarining aytishicha, Pekin terror xavfini haddan ziyod bo’rttirib, ozchilik elatning haq-huquqlarini talab qilib chiqqan oddiy faollarni ham ekstremizm va zo’ravonlikda ayblaydi.
O’tgan yili “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida Ilhom To’xti ham Xitoydagi uyg’urlar muammosiga, asosan, hukumat olib borayotgan ayirmachi siyosat aybdor ekanini ta’kidlagan edi.
“Shinjonda sodir bo’layotgan narsalar xitoy va uyg’ur elatlari o’rtasidagi muammo emas, balki uyg’urlar va hukumat o’rtasidagi muammodir. Bu yerda bo’layotgan har qanday norozilikni terrorizm bilan bog’lash to’g’ri emas. Hujumlar nafaqat rasman tasdiqlanishi, balki fakt va dalillar bilan isbotlanishi kerak”, - degan edi To’xti ozodlikda yurgan payti bergan suhbatida.
Uzoq yillar Xitoy hukumatining uyg’urlarga nisbatan adolatsiz siyosat yuritayotgani haqida yozib kelgan To’xti ilgari ham bir necha bor hibsga olingan va turli tazyiqlarga duchor bo’lgan.
So’nggi bor hibsga olinishidan bir necha oy avval “Amerika ovozi”ga bergan suhbatida u fuqaro kiyimidagi politsiyachilar uning mashinasini to’xtatib, telefonini olib qo’ygani va matbuotga berayotgan fikrlari uchun o’ldirish bilan tahdid solganlari haqida aytib bergan edi.
Advokatlarining shikoyat qilishicha, To’xti tergov davomida qiynoqqa solingan, oyoqlariga kishan solinib, uzoq vaqt oziq-ovqatsiz qoldirilgan.