Xitoy rasmiylari nazarida qurollangan terrorchilar kecha shahardagi restoranga bostirib kirib, egasi va ofitsiantni o'ldirib, binoga o't qo'ygan. So'ng ko'chaga chiqib uchragan odamni pichoqlab, yana 4 kishini o'ldirgan, 12 odam jarohat olgan.
Politsiya hujumda ishtirok etganlardan besh nafarini o'ldirib, to'rt kishini hibsga olgan. Birining ma'lum qilishicha, ular Pokistonda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga tegishli lagerlarda qurol-yarog' va bomba tayyorlashni o'rganib, so'ng Xitoyga o'tgan.
Xitoy rasmiylari bungacha ham uyg'urlarni tartibsizliklar va zo'ravonliklarda ayblagan, biroq xorijdagi uyg'ur faollariga ko'ra, bularning barchasi uydirma.
Jahon uyg'urlari kongressi vakili Dilshod Rashidning aytishicha, rasmiy Pekin namoyishchilarni shu tariqa jazolab, uyg'urlarga aloqador har bir voqeani terrorizmga bog'lab, jahon hamjamiyati oldida jinoyatlarini oqlamoqchi.