Xitoy hukumati Tibet va Shinjon viloyatlarini rivojlantirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqqan. Unga ko’ra, bu mintaqalarga 100 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Lekin bu hududlarda siyosiy erkinlik uchun kurashayotgan aholi, xususan, uyg’urlar Pekinda o’tirgan rahbarlarni “xitoylashtirish” siyosatida ayblaydi.
Bir yil oldin Shinjon muxtoriyati poytaxti Urumchida uyg’urlar va xitoylar orasida qonli to’qnashuvlar ro’y bergan, ko’plab insonlar halok bo’lgan edi. Jahon Uyg’urlari Kengashi rahbari Robiya Qodirning aytishicha, Xitoy xavfsizlik kuchlari erkinlik talab qilib chiqqan begunoh insonlarni o’qqa tutgan va uning xalqi irodasini bukishga urinmoqda. Hozirgacha yuzlab uyg’urlar qamoqqa tashlangan, o’nlab nafari tuzumga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, qatl etilgan. Robiya Qodir Amerikada yashaydi va uyg’urlar uni bu millat yetakchisi deb biladi. Uning fikricha, Xitoy terrorizm va separatizmga qarshi kurash bahonasi bilan uyg’ur xalqini yo’q qilib yubormoqchi.
“60 yildan buyon Uyg’ur vatanini bosib olgan kommunist Xitoyda uyg’urlarning haq-huquqi yo’q, – deydi Robiya Qodir. – Diniy erkinlik ta’minlanmagan. Iqtisodiy taraqqiyot sust. Uyg’urlarning tinch yo’l bilan olg’a surgan har qanday talablari bo’lginchi, buzg’unchilik deb ta’riflanib, qonli ravishda bostiriladi. Uyg’ur xalqi sistematik ravishda assimilyatsiya ostida, ya’ni tili, madaniyatini yo’qotib bormoqda”.
Urumchi voqealarining bir yilligini eslagan uyg’ur faollar AQSh poytaxti Vashingtonda Xitoy elchixonasi va Nyu-Yorkda BMT qarorgohi oldida namoyish o’tkazib, rasmiy Pekin siyosatini qoralagan.
Xitoy ma’murlari nazarida bu harakatlar separatist kuchlarning provokatsiyasi, maqsad davlatni parchalash.
Huquq faollari o’tgan qonli voqealar yuzasidan mustaqil, adolatli tergov o’tkazishni talab qilib keladi.
Amerikalik tahlilchi Luiza Grivning aytishicha, Xitoy hukumati Urumchi haqida haqiqatni yashirmoqda. “Armiya sodir etgan jinoyatlarni tasdiqlovchi dalillar bor. Xitoy hukumati o’z fuqarolariga o’tkazgan zulmini yashirmoqda”, – deydi u.
Urumchida etnik to’qnashuvlar kechgan, asosan uyg’urlar yashovchi Hoji Eshon mahallasida qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Hukumat u yerda ko’p qavatli imoratlar qurmoqda.
Taraqqiyot dasturi doirasida Uyg’ur muxtor viloyati, Tibet va ichki Mongoliyada yangi temiryo’llar ishga tushib, aeropotlar ochilishi va konchilik sanoati kengayishi nazarda tutilgan. Shu bilan hukumat xalqning turmush darajasini ko’tarib, qo’zg’olon, namoyishlarning oldini olishga harakat qilmoqda.
Lekin, tahlilchilar nazarida, tabiiy zaxiralar – neft va gazga boy bu regiondan obdon foydalanishga bel bog’lagan Xitoy hududga boshqa joylardan xitoylarni ko’chirib olib kelib, mintaqa demografiyasini ham o’zgartirmoqchi.