Qator davlatlar Xitoy ustidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat yo'lladi

  • Amerika Ovozi

Samariy - nodir yer elementlaridan biri.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaponiya Xitoyni nodir yer minerallari eksportini haqsiz cheklayotganlikda ayblamoqda. Bu kabi elementlar yuqori texnologiyali mahsulotlarni tayyorlashda ishlatiladi.

Xitoy qaroridan norozi tomonlar bugun Jahon savdo tashkilotiga arz qilgan. Ular nazarida jahondagi nodir yer minerallarining 95 foiziga ega Xitoy xalqaro savdo qoidalariga zid ravishda ularning eksportini cheklagan.

Biroq rasmiy Pekin bu da'volarni inkor etmoqda.

AQSh prezidenti Barak Obama bu sohada ish qilayotgan Amerika kompaniyalarining xalqaro bozordagi faoliyatida teng raqobatni ta'minlash uchun tashkilot shikoyatni qanday o'rganayotganini nazorat qilishini aytdi.

"Xitoy bozorni o'z holiga qo'yishi lozim. Bozorning o'z qoidalari bor. Bundan ortig'ini so'ramaymiz. Biroq hozirgi siyosat bunga imkon bermayapti. Xitoy o'z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortyapti", - deydi Obama.

Nodir yer minerallari yassi ekranli televizorlar, smartfonlar va gibrid avtomobillarni hamda ilg'or qurollar, shamol turbinalari, avtomobil oynasini ko'tarib-tushiruvchi motorlarni ishlab chiqarishda qo'l keladi.

Xitoy minerallarni eksport qilishda Jahon savdo tashkiloti qoidalaridan chetga chiqmayotganini aytadi. Ammo AQSh Savdo vakili Ron Kirkning aytishicha, Xitoy o'z kompaniyalariga yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishda ustunlik berish uchun so'nggi yillarda bu kabi kamyob minerallar eksportini kamaytirgan.