AQSh harbiylari: Siyosatdan xoli bo’lishimiz kerak

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda namoyish va tartibsizliklar avj olgan paytda harbiylar qanday rol o’ynagani keskin bahslarga sabab bo’lmoqda. Amerikada harbiylar o’zini siyosatdan xoli deb biladi.

Oq uy oldidagi Lafayet maydonida federal huquq-tartibot organlari va Milliy Gvardiya tomonidan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilgani ketidan AQShda harbiylarning jamiyatdagi roli muhokamada.

“Bunday voqealar harbiylarga bo’lgan ishonch yemirilishiga olib keladi”, - deydi iste’fodagi general Jozef Votel.

Buni ham ko'ring Jonli efir: Oq uy oldida namoyishchilar Trampni qoralamoqda

AQSh Markaziy qo’mondonligi sobiq rahbari harbiylar ichki siyosatga aralashmasligi azaliy an’ana ekanini eslatadi:

“Siyosatdan xoli bo’lgan armiyagina xalqqa yaxshi xizmat qiladi. Amerika davlati asoschilari ham shuni istagan. Mamlakatimizda harbiy kuchlar eng obro’li tizim bo’lib qolayotgani bejiz emas”.

Yuqori lavozimlarda ishlagan sobiq harbiylar Prezident Trampning shaharlarga qo’shin yuborish po’pisasiga munosabat bildirmoqda. Aslida o’ta og’ir vaziyatlar uchun mo’ljallangan chora bu.

“Shaharlarimizga qo’shin kiritib, ularni aholiga qarshi qo’llash bilan bog’liq mojaro haqida o’ylasam, bu meni qo’rqitadi, ochig’i. Bu xato ekanini ko’rib, bilib turibmiz. Bu haqda ochiq gapirish kerak”, - deydi admiral Mayk Mullen, AQSh Qurolli kuchlari bosh shtati sobiq rahbari.

Namoyishchilar yoshlantiruvchi gaz va tayoqlar bilan tarqatilgach, prezident Mudofaa vaziri Mark Esper va boshqa rasmiylar hamrohligida yaqin atrofdagi cherkov fonida rasmga tushdi.

Pentagonga ko’ra, Esper va general Mark Milli fotosessiyadan bexabar bo’lgan va Milliy Gvardiya a’zolariga minnatdorchilik bildirish uchungina Lafayet maydoniga borishgan.

Mudofaa vaziri namoyishlar o’tayotgan hududlarni “jang maydoni” deb ataganidan afsusda. General Milli esa Trampga hamrohlik qilgani xato bo’lganini aytmoqda.

“O’sha joyda, o’sha muhitda meni ko’rishgani harbiylar ichki siyosatga aralashayotgandek tasavvur uyg’otdi”, - deydi general.

Buni ham ko'ring Trampning injilchi nasroniylar orasida reytingi tushmoqda

Harbiylar siyosatdan xoli bo’lishi nafaqat an’ana, balki harbiy qasamyodning bir qismi hamdir.

“Ular respublikachi yoki demokrat prezidentni emas, mamlakat konstitutsiyasini himoya qilishga qasamyod qiladi”, - deydi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Bredli Bauman.

Sobiq rasmiylarga ko’ra, amaldagi prezident buni ko’pincha unutib qo’yadi yoki e’tibor bermaydi.

“Prezidentda hukumatga egalik hissi kuchayib bormoqda. Undan “mening zobitlarim, mening generallarim, mening sudyalarim” degan gaplarni eshitamiz”, - deydi sobiq Mudofaa vaziri Vilyam Koen.

AQShda prezident saylovlariga besh oycha vaqt qoldi. Harbiylarning ichki siyosatdagi roli xususida bahslar davom etishi turgan gap.

“Harbiylar uchun sinov davri bo’ladi, chunki bu prezident ularni o’zi tomon tortishga harakat qiladi”, - deydi sobiq Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson.