Kongress a'zosining faoliyatiga yaqindan nazar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Kongressi 535 a’zodan iborat. 2018-yilgi saylovda bu organga qariyb 100 nafar yangi a’zolar kirib keldi, har qachongidan ko’proq ayollar saylandi.

Kaliforniya deganda ko’pchilik quyoshli plyajlarni tasavvur qiladi. Ittifoqdagi eng liberal shtat, deb tilga olinadi. Ammo Tinch okeanidan samolyotda 20 daqiqa ichkariga qarab uchsangiz, kam sonli konservativ okruglar ham uchraydi.

2018-yilda bu yerda kutilmagan voqea yuz berdi. Demokratik partiyadan qonunchi Keti Porter saylovda yutub chiqdi. U saylangan tuman tarixan konservativ okrugda joylashgan. Bu yerda 1983-yildan beri demokratga ovoz berishmagan edi.

Ayova shtatidagi fermada o’sib ulg’aygan Porter bunga qanday erishdi? Partiyasi ichida qanday qilib shuhrat qozonyapti?

Keti Porter Yel va Garvard universitetlarini bitirgan. Saylovda qatnashishidan oldin Kaliforniya universitetida huquqshunoslikdan dars bergan. Irvayn shahridagi saylovda u ishtirokni 2 foizdan 30 foizgacha oshirishga erishdi.

“Avval ovoz bermagan so’lchi yosh saylovchilar faollashgan”, - deydi mahalliy jurnalist Andre Mushard.

Porter dastlab saylovda qatnashmoqchi emas edi. 2016-yilda prezidentlikka nomzod Hillari Klintonning komandasiga qo’shilmoqchi bo’lgan. Ammo saylovdan so’ng “o’zgarish qilish o’z qo’limda” deya, o’zi ham siyosatga qo’shilishga qaror qildi.

“Tramp saylovda g’alaba qilganidan keyin nomzodlik haqida o’ylay boshladim”, - deydi u.

Yangi Kongressga saylangan demokratlarning aksariyati, jumladan Porter, Trampning siyosatiga qarshi chiqib g’alaba qilgan. Hozirda Kongress a’zolarining taxminan 25 foizi ayollar. Bu tarixan eng katta ko’rsatkich bo’lsa-da, aholi tarkibidagi xotin-qizlar soniga qarab hisoblaganda baribir kam.

Kaliforniyadan saylangan yangi vakil 45 yoshga to’lgan kunda qasamyod keltirdi.

“Kirib borishim bilan tort kesildi. Senator Elizabet Uorren shaxsan o’zi kelib tug’ilgan kunim bilan tabrikladi”, - deydi Porter.

Prezidentlik uchun nomzodlardan biri senator Uorren Garvardda Porterga dars bergan.

Keti Porter Vakillar palatasining Moliya qo’mitasiga ham a’zo. U tinglovlarda o’tkir savollari bilan omma e’tiborini tortmoqda.

“Men va guvoh o’rtasida emas, balki Amerika xalqi va guvoh o’rtasida suhbat bo’lishi uchun nima qilishim kerak, qanday savollar berishim kerak, deb o’ylanaman”, - deydi Porter.

Bunday uslubni Porter prezidentlikka nomzod senator Elizabet Uorren ustozligida, Garvard universitetida tahsil olgan yillarda charxlagan.

O’tkir savollar Vakillar palatasi rahbariyati nazariga tushdi va Porter demokrat qonunchilarning ovozi, degan nom qozondi. Ammo qonunchi ayolning mana bu bayonoti uni palata spikeri Nensi Pelosi bilan to’qnashtirdi.

“Prezidentni impichment qilish bo’yicha tekshiruvni qo’llab-quvvatlayman. Bu qarorga osonlikcha kelganim yo’q”.

Birinchi marta saylanganlar, odatda, ish va shaxsiy hayotni muvozanatlashga qiynaladi. Porter dam olish kunlari mamlakat bo’ylab oyiga o’rtacha 30 ming kilometr parvoz qiladi.

“Uch farzandim bor. Kattasi 13 yoshda”, - deydi Porter.

Bolalar Kaliforniyada yashaydi. Porter eridan ajrashgan.

“Bolalarga qarash, albatta, qiyin masala. Ishim Vashingtonda, minglab kilometr uzoqda. Har hafta ishga boraman, uyga qaytaman. Palata majlislari va ovoz berishlarda qatnashishim kerak”, - deydi qonunchi.

Boshqa qonunchilar ham o’z shtati va Vashington o’rtasida qatnashga o’rgangan. Kapitoliy atrofida ijara qimmat. Porter hozircha bir xonani ijaraga olgan.

“Kichkina hammom va kichkina oshxonasi bor. To’shakka aylanadigan divan ham bor. Bolalarim bilan Vashingtonga kelsak, karavot va divanda hamma birga uxlaydi”, - deydi Porter.

Porter Kongressdagi ikkinchi yilida oilasini poytaxtga ko’chirish haqida o’ylab ko’rishini aytadi.