Xillari Klinton: Osiyo kelajagi AQSh manfaatlari uchun muhimdir

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Iroq va Afg'onistonda 10 yillik kampaniyaga yakun yasar ekan, diqqat endi Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga qaratiladi.

Klinton bu haqda kecha Vashingtonda Amerika diplomatlari yig'inida so'zlagan. Osiyo kelajagi AQSh manfaatlari uchun muhimdir, deydi u.

"Osiyoda strategik muloqotlar va iqtisodiy tashabbuslar orqali ittifoqlarimizni kuchaytiryapmiz, ko'p tomonlama tashkilotlar tuzyapmiz va mavjud guruhlarga qo'shilyapmiz. 21-asrda Amerika kelajagi uchun Osiyodan muhimroq mintaqa bo'lmaydi", - deydi Klinton.

Yaqin Sharqdagi siyosiy o'zgarishlarga to'xtalar ekan, Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar mintaqa davlatlariga demokratik tizimga o'tishda yordam bera oladi. Islomiy kuchlar bilan hamkorlik yangicha, biroq zarur chora bo'lib, AQSh tez o'zgaruvchan global muhitga moslasha bilishi kerak, deydi davlat kotibi.