Prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klinton AQSh hukumatiga murojaat qilib, uni "Islomiy davlat" jangari guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiyni yo'q qilishni ustuvor vazifa qilib belgilashga chaqirdi.
"Bag'dodiyni qo'lga olish yuqori darajadagi e'tibor va harakatni talab qiladi, - dedi Klinton Nyu-Yorkda jurnalistlar bilan suhbatlashar ekan. - Bu hech kim AQShga hujum qilishga yoki hujum qilib omon qolishga jur'at qila olmasligini eslatib qo'yish uchun muhim".
Sobiq davlat kotibi televideniye orqali efirga uzatilgan forumda respublikachilardan raqibi Donald Trampni yana tanqid qildi.
Uning aytishicha, Tramp xarakter jihatidan AQSh oliy bosh qo'mondoni bo'lishga noloyiq.
U Amerika generallarini bir pulga olmadi, dedi Klinton va Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni AQSh rahbari Barak Obamadan ko'ra yaxshiroq lider degan da'vosini Amerika xalqi uchun haqorat deb atadi.
"Bu qo'rqinchli, - dedi demokrat nomzod. - Chunki u Putinning xohlaganini qilishiga imkon yaratib beradi va uning ishlarini oqlashdan ham toymaydi".
Tramp esa o'zini oqlab, generallar Obama davrida "maydalangan tosh"dek obro'sizlanganini va bu mamlakat uchun sharmandalik ekanini aytdi. U ayrim generallarni ishdan haydashi mumkinligini ham ta'kidladi.
Prezidentlik saylovi 8-noyabr kuni bo'lib o'tadi. 26-sentabrda ikki nomzod ilk bor yuzma-yuz jonli bahsga kirishadi. Oktabrda ana shunday teledebatlardan yana ikkitasi bo'lib o'tishi kerak.